Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli haftalar qoldi. O‘quv qurollari orasida eng ko‘p xarid qilinadigan mahsulotlardan biri — maktab sumkalari. Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot mutaxassislarining sumkalarni qanday tanlash borasidagi tavsiyalarini ulashdi.

“Noto‘g‘ri tanlangan va foydalanilgan ryukzaklar maktab yoshidagi bolalarning umurtqa pog‘onasi hamda mushaklari uchun ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi. Bu holat kelgusida skolioz kabi kasalliklarning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin”, — deydi Respublika bolalar ortopediya markazi direktori Akbar Tilyakov.

Maktab sumkasi bolaning orqa qismiga qulay joylashadigan o‘lchamda, tasmalari yelka qismiga botmaydigan keng va yumshoq yostiqchali qoplamalar bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, matosi suv o‘tkazmaydigan, orqa astari esa yupqa bo‘lmasligi kerak. Aks holda, sumka ichidagi qattiq buyumlar, kitoblar jildining burchaklari kuraklar hamda bel sohasida og‘riq va jarohatlarni keltirib chiqarishi xavfi bor.

Ryukzaklarni ikki yelkaga baravar osish tavsiya etiladi. Bu og‘irlikning tana bo‘ylab muvozanatli taqsimlanishiga xizmat qiladi va umurtqa pog‘onasi egriligi bilan bog‘liq patologiyalar kelib chiqishidan asraydi.

Qayd etilishicha, maktab sumkasi beldan pastga tushmagan holatda, lekin undan 5 santimetrdan kam bo‘lmagan uzunlikda taqib yurilishi maqsadga muvofiq.

Ryukzakning umumiy og‘irligi bola vaznining 10−15 foizidan oshmasligi kerak. Bu me’yor kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun taxminan 3−5 kilogramm, o‘rta sinfdagi bolajonlar uchun 6−8 kilogrammga teng.

Sumkaga o‘quv qurollari va jihozlarini joylashtirish ham muhim jarayon. Jumladan, og‘ir narsalar ryukzak o‘rtasiga, yengillari har ikki tomoniga muvozanatli solingani ma’qul.

Qolaversa, katta hajmdagi, og‘ir va noqulay ryukzaklardan foydalanish bolajonlarning zinapoya va yo‘laklarda yiqilish xavfini oshiradi.