Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlarini ma’lum qildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni ta’minlaydi. Shu bois xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida Buxoro viloyatidagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi, ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi ta’minlanadi. Ularda kamida 5 ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi, dedi prezident yig‘ilishda. U mutasaddilarga “xizmat ipotekasi"ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlashni topshirdi.

Shuningdek, prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.

Davlat rahbari yig‘ilishda, shuningdek, kollej va texnikumlardagi to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari va xonalari tadbirkorlarga bevosita ijaraga berilishini aytgandi. Tushgan mablag‘lar binolarni ta’mirlash va jihozlar sotib olishga sarflanadi.