Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida yashovchi Sitora Turdibekova Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtiroki uchun tumanida 1 xonali uy va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bulung‘ur hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, xonadon hokimlik mablag‘lari hisobidan emas, balki tadbirkor tomonidan hadya qilingan. Tuman ma’muriyati sportchi va uning murabbiyiga esdalik sovg‘alari berish bilan cheklangan.

“Musobaqa juda yaxshi o‘tdi. Yashi tayyorgarlik ko‘rib, natija qilish uchun borgan edik, ammo nasib qilmadi. Xudo xohlasa, keyingi musobaqalarda natija qilamiz, degan umiddamiz”, — dedi sportchi.

boks, buлuнғuр тuмани, лин ю тинг, олимпиада o‘yinlari, париж-2024, ситора тuрдибекоva

Sitora Turdibekova 2019-yildan buyon milliy terma jamoa a’zosi hisoblanadi. U 2021-yil kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2022-yil Toshkentda o‘tgan U-22 qit’a birinchiligida bronza, 2023-yil Bangkok mezbonlik qilgan ayni shu toifadagi chempionatda esa kumush medal sohibiga aylangan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Turdibekova Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali -57 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini olgan.

Bokschi Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 57 kg vazn toifasida ilk bahsini kongolik Marselat Sakobi Matshuni bilan o‘tkazib, uni 3:2 hisobida yenggan. So‘ngra 1/8 finalda ikki karra jahon chempioni Xitoy Taypeyi vakili Lin Yu Tingga qarshi jang qilgan, biroq imkoniyatni boy berib (5:0), Olimpiadadagi ishtirokini yakunlagan.

Lin Yu Ting finalda polshalik Yuliya Sheremetani mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. Chempionlik sari yo‘lda u va jazoirlik boshqa bokschi go‘yoki erkak bo‘la turib, ayollar bilan bellashganlikda ayblana boshlandi. Internetda hanuz uning jinsi haqidagi bahs-munozaralar davom etmoqda.

Lin Yu Ting va Sitora Turdibekova. Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.Lin Yu Ting va Sitora Turdibekova. Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi.

13-avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov ham jonli efirda o‘tkazilgan olimpiya terma jamoasini rasmiy kutib olish marosimida o‘zbekistonlik sportchi mag‘lub bo‘lgan Sitora Turdibekova va Lin Yu Ting o‘rtasidagi boks uchrashuvi haqida fikr bildirgan.

“Ayrim sportchilarimiz har xil sabablarga ko‘ra medallar sohibi bo‘la olishmadi. Bunga o‘tgan safar ham aytib o‘tganimizdek, hakamlikdagi noaniqliklar va boshqa sabablar bo‘lishi mumkin. Eng yomoni bu gal, o‘ylaymanki, bizning xalqimizga ham umuman yoqmagan narsa bu — erkak, bolalarning ayollar kiyimini kiyib chiqqani bo‘ldi. Bu, umuman, hech qanaqasiga qabul qilib bo‘lmaydigan [holat]. Shunda ham bizning Sitoraxon [Turdibekova] qizimiz o‘sha Tayvanmi, Taipeyidanmi kelgan erkak-yigit bilan oxirigacha, qo‘rqmasdan tushib, [jang qildi]”, — dedi Abdulla Aripov.

“Gazeta.uz” Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Tayvan yonini olgan bokschi bilan bog‘liq janjal tafsilotlarini o‘rgangandi.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiada g‘oliblari va sovrindorlariga 50 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pul mukofotlari, Tahoe va BYD Song Plus avtomobillari, shuningdek, ikki qavatli kottejlar va kvartiralar berildi. “Prezident sovg‘asi” deb yozilgan mukofotlarni bosh vazir va Senat raisi topshirdi.