Andijon viloyati Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchilarni og‘ir qurilish ishlariga jalb qilgan direktor jazolandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar qildi.

Avvalroq majburiy mehnat payti ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargani, ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqani, shuningdek, ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singani haqida yozgandik.

Xabarga munosabat bildirgan Asaka tumani hokimligi o‘qituvchilar bunga “o‘z xohishlariga ko‘ra” rozi bo‘lganini, “faol ijtimoiy foydali mehnatni har qanday kishi faqat olqishlashini” aytgandi. Hokimlik o‘qituvchilar jarohat olganini inkor qilgan.

Bandlik vazirligi vaziyatni Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganib chiqqanini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib, ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini qayd etgan.

O‘rganish davomida Mehnat kodeksining 25-moddasi (Ish beruvchining majburiyatlari) hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida) talablari buzilgani aniqlandi.

Maktab direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan BHMning 100 baravari (34 million so‘m) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi.