Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Tesla bosh direktori va X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Maskka intervyu berdi, deya xabar beradi SNN va Reuters. Suhbat Mask va Trampning X’dagi sahifalarida efirga uzatildi.

Suhbat boshlanishi texnik nosozliklar tufayli 40 daqiqadan ko‘proqqa kechiktirildi. Mask bunda platformadagi katta DDoS hujumini aybladi. Muammolar Florida gubernatori Ron DeSantis prezidentlik kampaniyasining 2023-yil may oyida X’da bir nechta texnik muammolar bilan yakunlangan xaotik startini eslatdi. O‘shanda Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida DeSantisni masxara qilgandi.

Ikki soat davom etgan suhbat davomida Mask Trampga oddiy savollar berdi va unga “odatiy norozilik, shaxsiy hujumlar va bo‘rttirilgan yoki yolg‘on bayonotlar aralashmasini” qilish imkoniyatini berdi, deb ta’kidladi CNN va Reuters.

Tramp, xususan, saylovoldi kampaniyasining asosiy fikrlarini takrorlab, AQShning amaldagi ma’muriyatining immigratsiya siyosatini tanqid qildi va Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harrisni “qobiliyatsiz” va “so‘l qanot jinnisi” deb atadi.

Shuningdek, ular AQShning energetika siyosati, iqlim o‘zgarishi va yadro urushi tahdidini muhokama qildi. Tramp demokratlarni AQSh prezidenti Jo Baydenning saylovdan chiqish qaroridan so‘ng davlat to‘ntarishida aybladi, biroq bu haqda hech qanday dalil keltirmadi.

Tramp, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Xitoy rahbari Si Szinpin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni maqtab, ularni “o‘yinining eng yuqori cho‘qqisida” deb atadi.

Siyosatchi va biznesmen suhbat chog‘ida “bir-birlariga maqtov yog‘dirdi”. Mask iyul oyida hayotiga suiqasd payti ko‘rsatgan jasorati uchun Trampni maqtagan bo‘lsa, avvalroq elektromobillarni tanqid qilgan Tramp Tesla elektrokarlarini “aql bovar qilmaydigan” deb ta’rifladi. Mask, shuningdek, Trampga “hukumat samaradorligi”ga yo‘naltirilgan yangi prezident komissiyasini tuzishni va unga o‘zini rahbar etib tayinlashni taklif qildi. Tramp tezlikda shunday javob berdi: “Jonim bilan”.

“Menimcha, biz sivilizatsiya taqdirida ikki ayro yo‘l orasida turibmiz va, menimcha, biz to‘g‘ri yo‘lni tanlashimiz kerak va, o‘ylaymanki, siz — to‘g‘ri yo‘lsiz”, — dedi Mask Trampga intervyu yakunida.

Kamala Harrisning saylovoldi tashviqoti vakili Jozef Kostello uchrashuvdan so‘ng quyidagi bayonotni e’lon qildi: “Trampning butun kampaniyasi Ilon Mask va uning o‘zi kabi odamlarga xizmat qiladi — o‘rta sinfga xiyonat qiladigan va 2024-yilda jonli efir tashkil qila olmaydigan narsissistik boylarga”.

  • Tramp bir yil ichida ilk bor 13-avgust kuni bir qator postlar bilan X’ga qaytdi. U 2021-yilda 2020-yilgi prezidentlik saylovlari natijalari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatgani va Kapitoliyga bostirib kirgani ortidan platformadan chetlatilgan edi. Mask 2022-yilda ijtimoiy tarmoqni sotib olib, darhol Trampning akkauntini tiklagan, biroq sobiq prezident o‘sha vaqtga kelib Truth Social’ni ishga tushirgan va qaytmagandi.
  • Dunyoning eng boy odami Mask siyosatchiga suiqasd uyushtirilganidan ko‘p o‘tmay Trampni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Mask 2020-yilda Demokratik prezident Baydenni qo‘llab-quvvatlagan, biroq o‘shandan buyon “siyosiy o‘zgarishlarni boshdan kechirdi” va transgenderlar huquqlari, immigratsiya va Bayden ma’muriyatining Tesla’ga nisbatan munosabati sabab demokratlardan g‘azablanadi, deb yozdi The New York Times.