Odatda poyabzalda yurishga odatlanganmiz. U qulay va xavfsiz bo‘lgani bois oyoqlarni infeksiya va shikastlanishdan asraydi. Biroq mutaxassislar sog‘lom bo‘lish uchun tez-tez oyoqyalang yurishni tavsiya etadi. Quyida Sog‘liqni saqlash vazirligining yalangoyoq yurishning 6 ta eng muhim foydasi haqida e’lon qilgan ma’lumotini taqdim etamiz.

1-foyda

Oyoqlar terisida boshqa joylarga qaraganda ko‘pgina sezgi retseptorlari joylashgan. Ayniqsa, tovonda ichki organlar faoliyatiga javob beruvchi reflekslar bo‘lib, bu mashg‘ulot tufayli tana a’zolari, xususan, miya faoliyati yaxshilanadi.

2-foyda

Yalangoyoq yurganda teri yerda hosil bo‘luvchi manfiy ionlar deb ataluvchi zaryadlangan zarralar bilan aloqada bo‘ladi. Bu ionlar esa tanadagi ijobiy zaryadlangan erkin radikallarni muvozanatlashga yordam berib, yallig‘lanishlar va surunkali kasalliklar rivojlanish xavfini kamaytiradi hamda organizmning umumiy holatiga ijobiy ta’sir etadi.

3-foyda

Ushbu mashg‘ulot oyoqlardagi ko‘plab mayda nervlarning faollashishiga olib keladi. Bu esa qon aylanishini yaxshilab, immunitetni oshirish va stressni kamaytirishga yordam beradi.

4-foyda

Yalangoyoq yurishning yana bir foydasi shuki, u oyoq mushaklarini kuchaytirib, valgus deformatsiyasi, yassioyoqlik kabi ko‘pgina ortopedik kasalliklarning oldini olishda asqatadi.

5-foyda

Tez-tez yalangoyoq yurish natijasida uyqu yaxshilanib, organizmdagi og‘riqli hislar kamayadi. Hatto 30−40 daqiqalik bunday mashg‘ulot bilan stressni yengillatish, qon aylanishini yaxshilash mumkin. Shu bilan birga, u yuqori nafas yo‘llari infeksiyalarining oldini olishda ham anchagina foydali.

6-foyda

Yozda issiq qum yoki tuproq ustida yalangoyoq harakatlanish orqali oyoqlarda paydo bo‘ladigan zamburug‘larga qarshi faol kurashish mumkin. Ayniqsa, issiq havoda oyoq terlashini kamaytirish va yoqimsiz hidlarni yo‘q qilish uchun ham yalangoyoq yurish tavsiya etiladi.

Diqqat! Qandli diabetga chalingan va oyoqlarda yoriqlar, kesmalar paydo bo‘lish xavfi bor insonlarga bu mashg‘ulot tavsiya etilmaydi. Shuningdek, yer yuzasi sovuq bo‘lishi mumkinligi sababli surunkali buyrak xastaligi, revmatizm va podagra kabi kasalliklardan aziyat chekuvchi insonlarga ham poyabzalsiz yurish mumkin emas.