Amerikalik tadqiqotchilar Mars sathining chuqur ostki qismida suyuq suvdan iborat katta yerosti rezervuari bo‘lishi mumkinligini aniqladi, deb xabar bermoqda Reuters.

Olimlar NASA’ning InSight Lander apparati tomonidan olingan seysmik ma’lumotlarni tahlil qilib shunday xulosaga keldi. Tahlil natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.

InSight (Interior Exploration using Seismic Investigations, Geodesy and Heat Transport) moduli 2018-yilda Marsning ichki qismini o‘rganish uchun qo‘shni sayyora yuzasiga qo‘ngan. 2022-yilda yakunlangan missiyasi davomida zond qizil sayyora qobig‘ining qalinligi, uning mantiyasi harorati, yadro chuqurligi va tarkibi bo‘yicha “misli ko‘rilmagan ma’lumotlar” to‘plagan. Modulning seysmometri sayyoradagi mars qimirlashi deb ataladigan birinchi zilzilalarni ham qayd etdi, deya aniqlik kiritdi CNN.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, suv Mars yuzasi ostida 11,5 dan 20 kilometrgacha chuqurlikda joylashgan va mikroblar hayotini qo‘llab-quvvatlash uchun potensial sharoitga ega.

“Ushbu chuqurliklarda yer qobig‘i suv suyuqlik holida bo‘lishi uchun yetarli darajada issiq. Sayozroq chuqurlikda suv muz ko‘rinishida muzlab qolardi”, — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti sayyorashunosi Vashan Rayt.

“InSight seysmik to‘lqinlar tezligini va ularning chuqurlik bilan o‘zgarishini o‘lchashga muvaffaq bo‘ldi. Seysmik to‘lqinlarning tezligi tog‘ jinsining nimadan yasalganiga, qayerda yoriqlar borligiga va yoriqlarni nima to‘ldirishiga bog‘liq, — deb tushuntirdi Rayt. — Biz seysmik to‘lqin tezligi, gravitatsiya o‘lchovlari va tog‘ jinslari fizikasi modellarini birlashtirdik. Tog‘ jinslari fizikasi modellari biz Yerdagi suvli qatlamlarning xususiyatlarini o‘lchash yoki yer ostidagi neft va gaz resurslarini xaritalash uchun foydalanadigan modellar bilan bir xil”.

Illyustratsiya: James Tuttle Keane/Aaron Rodriguez/Scripps Institute of Oceanography.Illyustratsiya: James Tuttle Keane/Aaron Rodriguez/Scripps Institute of Oceanography.

Mars yuzasi, olimlarning fikriga ko‘ra, okeanlar, ko‘llar va daryolar bilan qoplangan bo‘lgan, ammo uch milliard yil oldin sayyora atmosferaning katta qismini va, shunga mos ravishda, suv resurslarini yo‘qotgan. Suvning bir qismi bug‘lanib, kosmosga chiqib ketgan, ba’zilari muz shaklida saqlanib qolgan va, ehtimol, qobiqqa singib ketgan.

“Yerda yerosti suvlari yer ostidan sizib chiqadi va biz Marsda ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lishini kutyapmiz. Bu yer qobig‘ining ustki qismi bugungi kunga nisbatan issiqroq bo‘lgan bir vaqtda sodir bo‘lgan bo‘lishi kerak”, — dedi loyihada ishtirok etgan Berklidagi Kaliforniya universiteti professori Maykl Manga.

Ammo bu suyuq suv zaxiralarining chuqurligi unga kirishni qiyinlashtiradi. “Marsda 10 kilometr chuqurlikdagi quduqni burg‘ilash — bu hatto [Elon] Mask uchun ham qiyin bo‘ladi”, — dedi Manga.

Mars yuzasi chuqurligida suyuq suv bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oya o‘nlab yillar davomida mavjud edi, ammo sayyoraga missiyadan olingan ma’lumotlar bu kabi taxminlarni birinchi marta qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi mumkin, dedi CNN’ga Kornell universiteti (AQSh) sayyorashunosi va astrobiologi Alberto Fayren (tadqiqotda ishtirok etmagan — tahr.).

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv, ehtimol, “chuqur yerosti loyqasi"ni ifodalaydi.

“Ushbu yangi natijalar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda Marsning ichki qismida suyuq suv mavjud, ammo alohida va ajratilgan ko‘llar shaklida emas, balki suyuq suv bilan to‘yingan cho‘kindilar shaklida”, — dedi u.