Oliy Majlisi Senatining 15-avgustdagi yig‘ilishida Tadbirkorlik kodeksi ma’qullandi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati (video).

Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 5 mingga yaqin hujjat mavjud. Ularning nihoyatda ko‘pligi amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda va bu tadbirkorlarning asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning aytishicha, shu maqsadda 100 dan ortiq qonunchilik hujjati, jumladan, 9 ta qonun Tadbirkorlik kodeksiga birlashtirilmoqda.

Tadbirkorlikning toifalanishi

2022-yilda prezident korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni e’lon qilgandi.

O‘sha paytda korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratilishi rejalashtirilgan edi:

  • 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgani — mikro biznes;
  • 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgani — kichik biznes;
  • 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgani — o‘rta biznes;
  • 100 mlrd so‘mdan oshgani — yirik biznes.

O‘tgan yilning fevral oyida prezident kichik (yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar), o‘rta va yirik korxonalarga bo‘lingan tadbirkorlikning yangi tasnifi to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Erkin Gadoyevning aytishicha, yangi kodeksda tadbirkorlik subyektlari ishchilar soni va yillik aylanma mablag‘iga qarab uch toifa: kichik, o‘rta va yirik tadbirkorlarga ajratish joriy etilmoqda (tadbirkor mezonlardan biriga javob berishi kifoya: xodimlar soni yoki aylanma mablag‘).

Yakka tartibdagi tadbirkorlar

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda (hozirda ular 88 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin).

Kodeks yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini ham belgilab beradi.

Hukumat tomonidan tartibga solish

Kodeks ilovasida tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni kamaytirish maqsadida 38 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari tasdiqlangan.

Ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar esa biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshiriladi.

Davlat nazoratining 4 ta shakli belgilanib, shundan faqat ma’lumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Bunda:

  • moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qo‘llaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);
  • bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik subyektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
  • birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari ushbu qonun buzilishini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajargan, shuningdek yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.

Kodeks bilan barcha talablarni o‘z ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Bunda Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar bo‘yicha javobgarlik belgilash taqiqlanishi nazarda tutilgan.

Tadbirkorlarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taqiqlanishi belgilanmoqda (yengillashtiruvchi normalardan tashqari).

Subsidiyalar

Subsidiyalar prezident qarori bilan joriy etiladi, uni berish tartibi esa hukumat tomonidan belgilanadi.

Ularning asosiy yo‘nalishlari belgilanadi va “yagona darcha” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi.

Davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanadi.

Ijtimoiy tadbirkorlik

Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovning aytishicha, ushbu toifaga ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan tadbirkorlik turlari ham (jumladan, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, yig‘ish, zararsizlantirish, ko‘mish, saqlash va boshqalar) ham ko‘zda tutilgan. Senator ushbu ro‘yxatga tozalash inshootlari qurilishi, filtrlar o‘rnatishni ham kiritishni taklif qildi.

Ayollar va yoshlar tadbirkorligi

Yagona javobgar ayol kishi bo‘lsa yoki boshqaruv organida kamida 1/3 qismini ayollar tashkil qilsa yoxud ustav fondidagi ulushi 50 foizdan ortig‘i ayollarga tegishli bo‘lsa, bu korxona ayollar tadbirkorligi toifasiga kiritiladi.

Xuddi shunday tartib yoshlar tadbirkorligiga ham tegishli.

“Bugungi kunda 42 mingga yaqin kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektiga xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan bo‘lsa, 243 ming yakka tartibdagi tadbirkorning 140 mingdan ortig‘i yoki 42 foizi ayollardir”, — dedi senator Malika Qodirxonova.

Bundan tashqari, biznesga “ishlamaydigan korxona” maqomini berish mezonlari belgilanadi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva hozirda davlat rahbari va tadbirkorlar o‘rtasidagi an’anaviy ochiq muloqotga katta tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidladi. “Ushbu kodeksning qabul qilinishi tadbirkorlarimizni qiziqtirgan tizimli masalalarni samarali hal etishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz”, — dedi u.

Tadbirkorlik kodeksi 2021-yildan buyon ishlab chiqilmoqda. Amaldagi loyiha hujjatning uchinchi talqini bo‘lib, uning oldingi versiyalari 2022-yilning may va sentabr oylarida taqdim etilgan.

Shunday qilib, kodeksda korxonalar o‘z bizneslarini yuritish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar va talablarni bir joydan olishlari mumkin.