“Taskin” bolalar hospisi 13-avgust kuni o‘z bemorlari uchun tabletka ko‘rinishidagi morfinning dastlabki partiyasini qabul qilib oldi. Bu haqda muassasa mudiri, onkolog Rustam Norboyev Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Bugun O‘zbekistondagi palliativ yordam xizmati uchun tarixiy kun. Hamkasblarimiz, ayniqsa, onkologlar o‘z tanishlarining og‘riq qoldiruvchi dori so‘rab qilgan murojaatlari bilan naqadar ko‘p duch kelishlarini yaxshi biladi… Ko‘plab bemorlar azoblanib vafot etdi. Biz bu tabletkani ikki yil kutdik, qanchadan-qancha bolalar bu kunlarni ko‘ra olmadi”, — deb yozgan Rustam Norboyev.

Foto: Rustam Norboyev / Facebook.Foto: Rustam Norboyev / Facebook.

“Taskin” bolalar hospisining ehtiyoji katta bo‘lmagani bois ushbu muassasa shu vaqtgacha ushbu og‘riq qoldiruvchilarni sotib ololmayotgan edi. Chunki, avvalroq onkolog Yahyo Ziyoyev tushuntirganidek, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bunday (nisbatan kichik) hajmdagi buyurtmalarni tayyorlab berishdan manfaatdar emas.

O‘zbekistonda 2022-yil oxirida onkologik kasalliklarga chalingan 126 ming bemor bor edi, ammo mamlakatda palliativ va hospis yordamini ko‘rsatish bo‘yicha uslubiy markaz mavjud emasligi bois ular uchun morfin sotib olish imkoni yo‘q edi. Markazni Toshkentdagi hospis negizida tashkil etish ko‘zda tutilgan, ammo uning ochilishi besh yildan beri kechikyapti. Poytaxt hokimligi so‘nggi bor ushbu markazni sentabr oyi oxirigacha ishga tushirib berishni va’da qilgandi. Ammo endi, Rustam Norboyevning aytishicha, ochilish oktabr-noyabrda bo‘lishi kutilmoqda. Boshqa hududlardagi onkologik markazlar va hospislar, boshqaruv tizimi markazlashtirilgani bois, uslubiy markaz sifatida ishlolmaydi.

onkologiya, palliativ yordam, rustam narbayev, rustam norboyev, taskin

O‘tgan shuncha davr mobaynida bemorlar haftasiga 28 ampulagacha morfin olishi mumkin edi, vaholanki, ular his qilayotgan og‘riqning darajasi bir kunning o‘zida xuddi shuncha miqdordagi morfinni talab etishi mumkin edi. Bola yoshidagi bemorlarga esa, “Taskin” hospisiga joylashtirilgan bolalarni hisobga olmasa, umuman morfin berilmasdi.

Vaziyatni Rustam Norboyevning 2024-yil kirib kelishi oldidan yozgan xabari o‘zgartirdi. O‘shanda onkolog Yangi yil arafasi “Taskin"'da og‘riq qoldiruvchi dorilar tugaganini ma’lum qilgandi. Nisbatan uzoq davom etadigan bayram dam olish kunlari sabab morfin topish mashaqqatga aylangan, chunki tibbiyot muassasasi preparatni faqat ish kunlari ishlaydigan birja orqali sotib olardi.

“Texasdagi bir klinikada bir bemorda juda kuchli og‘riq sindromi kuzatilgan. Bemorga bir sutka davomida yordam bera olishmagan. Faqat bir kun o‘tib yordam berish imkoni paydo bo‘ldi, og‘riq qoldirilgan, ammo o‘shanda navbatchilik qilgan hamshira va orastabon ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan… Bizda og‘riq qoldiruvchi dorilar tugadi, biz Yangi yil arafasida dorilarning navbatdagi partiyasini ololmadik va endi bayram kunlarini qanday o‘tkazishimizni bilmayapman”, — deyilgandi o‘sha xabarda.

Uning yozganlariga, Rustam Norboyevning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi, hospisga morfin sotadigan “Dori ta’minoti” kompaniyasi, shuningdek, Prezident administratsiyasi e’tibor qaratgan.

“Men o‘shanda ularga og‘riq qoldiruvchi dorilar baribir yetishmasligini, bu hol tabletka ko‘rinishidagi morfinga o‘tmagunimizga qadar davom etishini aytib, vaziyatni tushuntirgandim, — deydi onkolog. — In'eksion morfin hamma uchun ham qulay emas. Shifokorlar uni yozib berishni xohlamaydi, chunki ular har bir ampula uchun javobgar. Bemor ampulalarni qaytarib berishi kerak. Agar qaytarmasa, shifokor bemorning ortidan yugurib yuradi”.

Tabletka ko‘rinishidagi morfinda esa bunday ovoragarchilik yo‘q, deya ta’kidlaydi Rustam Norboyev. Ampulalarni qaytarish sharti xavfsizlik talablari bilan bog‘liq: bemorlar uni boshqa maqsadlarga, masalan, eyforiya (kayf) uchun ishlatib yubormasin, degan xavotir bor. Boz ustiga, shpritsdagi morfin uzoq “yashamaydi”, tabletkalarni esa qayta qadoqlab (boshqa idishga solib) qo‘yish mumkin, shu bois blisterlarni qaytarib berishdan ma’no yo‘q.

Rustam Norboyevning ta’kidlashicha, xalqaro standartlar bo‘yicha palliativ xizmat mutaxassislari bemorlarni og‘riq qoldiruvchi dorilardan cheklamasligi, ya’ni, “ular bunga o‘rganib qoladi” degan xavotir bo‘lmasligi kerak. Doriga qaramlik profilaktikasi, narkotik moddalar tarqalishining oldini olish bilan boshqa tuzilmalar, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar shug‘ullanishi zarur. Shunda ham bu ishlar surunkali og‘riq sindromidan aziyat chekayotgan bemorlarga zarar yetkazilmagan holda olib borilishi lozim. Aks holda ular chidab bo‘lmas darajada azob chekadi va palliativ yordam, insoniylik, shifokorlik etikasi falsafalari shunchaki yo‘qqa chiqadi.

onkologiya, palliativ yordam, rustam narbayev, rustam norboyev, taskin

Onkologning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan o‘sha xabaridan so‘ng, bolalar hospisi Yangi yil arafasi og‘riq qoldiruvchi dorilar bilan ta’minlangan edi. Davlat idoralari esa tabletka ko‘rinishidagi morfinni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ish boshlagandi. Onkologlar o‘shandayoq darhol ogohlantirilgan: logistika yarim yildan ko‘proq vaqt olishi mumkin, chunki importchi va eksportchi mamlakatlarning narkotiklar aylanmasining oldini olish bo‘yicha idoralari yuk va uning hujjatlarini uch oylab tekshiradi.

Preparatlar O‘zbekistonga iyun oyida yetib kelgan bo‘lsa, ularni birja orqali sotuvga chiqarish uchun zarur jarayonlardan o‘tkazish uchun yana ikki oy kerak bo‘ldi. 13-avgustga kelib “Taskin” bolalar hospisi “Dori ta’minoti” kompaniyasidan tabletkalarning birinchi partiyasini sotib oldi.

Hospisda foydalanilayotgan uzoq muddatli ta’sirga ega morfin tabletkalari Moskvadagi “Endofarm” endokrin zavodi tomonidan tayyorlangan. Ushbu korxona og‘riq sindromini yechishga yordam beruvchi dori vositalarini ishlab chiqaradi.

Rustam Norboyevning qayd etishicha, O‘zbekiston hozircha dozasi yuqori bo‘lmagan morfin sotib olgan. Bunday vaziyatda ayrim bemorlar bir emas, bir necha tabletka ichishiga to‘g‘ri keladi. Ammo shunda ham u in’eksiyadan yaxshiroq: palliativ yordam, ayniqsa kichik bolalarga kelganda, og‘riqni og‘riqsiz qoldirishni nazarda tutadi.

Foto: JSSTFoto: JSST

“Taskin” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda tabletka ko‘rinishidagi morfinni O‘zbekistonning barcha onkologik markazlari sotib olishi mumkin: “Dori ta’minoti” dori zaxirasini yetarli miqdorda shakllantirgan. Hozircha bunga faqat Samarqanddagi hospis qiziqish bildirdi. Qayd etish joiz, ushbu dori vositasidan faqat statsionar sharoitida parvarish qilinayotgan bemorlar foydalanishi mumkin.

O‘zbekiston onkologlari dekabr oyi oxirigacha fentanilli plastirning ro‘yxatga olinishidan ham umidvor — u surunkali kuchli og‘riqdan aziyat chekayotgan bemorlar uchun qo‘llaniladi. Uni katta yoshli bemorlarga tayinlash rejalashtirilyapti. Preparat ularni uch kungacha og‘riqdan xalos qiladi. Bunday plastirlar bolalarga tayinlanmaydi, chunki, Rustam Norboyevning tushuntirishcha, bolalarning teriosti yog‘ to‘qimalari kattalarnikiga nisbatan yupqa.

“Shu bois morfin tomchilari va umuman morfinning barcha ko‘rinishlari ro‘yxatga olinsa, juda soz bo‘lardi. Tomchilar yutina olmaydigan bolalar uchun kerak. “Taskin"dagi shunday bemorlarning og‘rig‘ini biz ampuladagi morfin bilan qoldirishda davom etamiz, chunki boshqa chora yo‘q”, — deydi onkolog.

onkologiya, palliativ yordam, rustam narbayev, rustam norboyev, taskin

Morfin tabletkalari yetkazib berilishi boshlangani O‘zbekiston palliativ yordam xizmati uchun muhim tarixiy voqea sanalsa-da, sog‘liqni saqlash tizimining hospis bemorlariga nisbatan munosabatini insoniylashtirish uchun tibbiyot xodimlari hali ko‘p va xo‘b mehnat qilishi zarur.

Rustam Norboyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tarkibidan, xususan, “Endofarm” zavodi vakillari va Rossiya palliativ xizmati mutaxassislari ham o‘rin olgan ishchi guruh tuzilgan. Ular O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartish va tuzatishlar kiritish bo‘yicha bir qator loyihalarni ishlab chiqishi lozim.

Ushbu tuzatishlar ambulatoriya sharoitida davolanayotgan bemorlarga ham tabletka ko‘rinishidagi morfinni tayinlashga imkon berishi, boshqa dori vositalaridan foydalanishni osonlashtirishi kerak, deydi Rustam Norboyev. Bundan tashqari, katta yoshli bemorlarda kuzatiladigan surunkali og‘riq sindromini davolash bo‘yicha qo‘llanma va palliativ yordamga muhtoj barcha bemorlarni parvarishlash bo‘yicha yo‘riqnoma ham ishlab chiqilishi lozim.

“Gazeta.uz” bu boradagi ishlar qaysi bosqichda ekanini aniqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik hozircha tahririyat so‘roviga javob berganicha yo‘q.