Oilalarning ajralishi va bolalarni internat turidagi muassasaga joylashtirishning barchaga ma’lum bo‘lgan salbiy ta’siriga qaramay, Markaziy Osiyoning beshta davlatida 0−17 yoshdagi 60 mingga yaqin bolalar internat muassasalarida qolmoqda. Bu YUNISEF tomonidan e’lon qilingan yangi siyosiy sharhda keltirildi.

Markaziy Osiyoda oila a’zolari birga bo‘lishi bo‘yicha ko‘rsatkichga ko‘ra, har 100 000 boladan taxminan 203 tasi internat turidagi muassasalarda yashaydi, bu esa dunyo miqyosidagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘pdir — o‘rtacha 100 000 bolaga 105 ta.

Markaziy Osiyodagi muassasalarda bolalarning umumiy sonini kamaytirish bo‘yicha erishilgan yutuqlarga qaramay, nogironligi bo‘lgan bolalar internat turidagi muassasalardagilarning ko‘p qismini tashkil etadi. Markaziy Osiyoning Qozog‘istondan tashqari barcha mamlakatlarida 2015−2021-yillarda nogironligi bo‘lgan bolalarning internat muassasalaridagi ulushi o‘sdi, bu esa ijtimoiy me’yorlar chuqur ildiz otganidan hamda hamjamiyatga asoslangan xizmatlar cheklanganidan dalolat beradi.

Siyosiy sharhda aytilishicha, internat turidagi muassasalarda bo‘lgan bolalar ulushi mamlakatdagi bolalarni himoya qilish tizimining qay darajada samarali ekanini aks ettirishi mumkin. Bu boradagi yuqori ko‘rsatkich oila birligini saqlay olmaydigan tizimdan dalolat beradi.

“Biz bilamizki, institutsionalizatsiyaning bolalarga ta’siri og‘ir va umr bo‘yi davom etishi mumkin, shu bois oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga ko‘proq sarmoya kiritish zarur bo‘ladi” — dedi Rejina De Dominichis, YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori.

“So‘nggi yillarda muqobil parvarishda bo‘lgan bolalar soni kamayishi hamda muassasalar yopilishi borasidagi progressning guvohi bo‘ldik. Bu ishni davom ettirishimiz kerak, shunda hech bir bola kambag‘allik, nogironlik yoki xulq-atvori qiyin bo‘lgani sababli yoki oilasi o‘z farzandini uyda parvarish qilish uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagani uchun muqobil muassasaga joylashtirilmaydi”, — deydi u.

Internat muassasalarda voyaga yetayotgan bolalar miyaning sog‘lom rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy, hissiy va intellektual rag‘batlantirishdan mahrum. Jamiyatning asosiy qismidan uzoq bo‘lgan internat muassasalaridagi bolalar zo‘ravonlik, beparvolik va shafqatsizlik oldida himoyasiz.

YUNISEF Markaziy Osiyoda yirik internat muassasalarini yopish va oilaga asoslangan muqobil sharoitlarni yaratishga ko‘mak beradigan yettita tavsiyalarni taklif qiladi:

Birinchi. Imkon qadar bolalarni oilalarida qoldirish maqsadida islohotlarni o‘tkazish uchun bolalarga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha samarali islohotlarni amalga oshirish, jumladan, yirik internat muassasalarini yopishni rejalashtirish hamda bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish xizmatlarining yaxlit tizimini barpo etish.

Ikkinchi. Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga, xususan, bolalar oilalaridan ajralish xavfi bo‘lgan vaziyatlarni erta aniqlash va tegishli choralarni ko‘rish maqsadida ijtimoiy xizmat sohasidagi malakali xodimlar shtatini shakllantirishga sarmoya kiritish.

Uchinchi. Oilaga asoslangan muqobil parvarishni ta’minlash, jumladan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotgan oilaning katta yoshdagi a’zolarini ko‘proq qo‘llab-quvvatlash hamda imkon qadar aka-uka, opa-singillarni bir-biridan ajratmaslikka imkon beradigan strategiyalarni tatbiq etish.

To‘rtinchi. Ishonchli strategiyalar va amaliy himoya metodlari orqali muqobil parvarish muassasalarida bo‘lgan bolalarni zo‘ravonlik, beparvolik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilishni ta’minlash.

Beshinchi. Oiladan ajratish ehtimoli bo‘lgan, muqobil parvarish muassasalarida yashayotgan yoki vasiylikdan chiqqan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hajmini ko‘paytirish va sifatini yaxshilashga sarmoya kiritish.

Oltinchi. Oila yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashning afzalliklari hamda bolaning aynan oiladagi parvarishiga ustuvor darajada e’tibor berish zarurligi to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish.

Yettinchi. Bolalarga tegishli bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda ularning ovozlarini eshitishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash hamda bolalarning ehtiyojlari va huquqlarini qondirishga qaratilgan yangi strategiyalar va amaliy choralarni ishlab chiqishda ularning fikrlarini e’tiborga olish.

Qayd etilishicha, oilalar yaxlitligini saqlashga yordam berish hamda oila va hamjamiyatga asoslangan parvarishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida YUNICYeF Markaziy Osiyodagi hukumatlar va hamkorlar bilan birga ish olib boradi. Deinstitutsionalizatsiya strategiyalari va dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, bolalarni o‘z oilalaridan ajratishning oldini olish uchun himoya va oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kengaytirish, oila va jamiyat asosidagi g‘amxo‘rlikka, oilalarni birlashtirish va ularning reintegratsiyasiga hamda bolalarning mustaqil hayotga xavfsiz o‘tishiga ko‘mak berish shular jumlasiga kiradi.