Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri va Toshkent viloyati Nurafshon shahri hokimi vazifalarida ishlagan Muzaffar Saliyev 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. “Gazeta.uz” unga 2024-yil 13-martda Shayxontohur tumani sudi o‘qigan hukm va 30-iyul kuni Toshkent shahri sudi chiqargan apellyatsiya instansiyasi ajrimini o‘rganib chiqdi.

Muzaffar Saliyev kim?

U 2017-yil 5-iyuldan 2021-yil yanvarigacha uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimida ishlab kelgan. Prezident uni “ishda yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari, berilgan ogohlantirishlardan tegishli xulosa chiqarmagani” uchun ishdan bo‘shatgan. 2021-yil 15-yanvardan Nurafshon hokimi lavozimiga kirishgan.

2023-yil 7-aprelda esa bu lavozimdan olingan (sud hukmida uning 6-aprelda qamoqqa olingani haqida so‘z boradi).

Ayblov

Qayd etilishicha, sudlanuvchi vazir lavozimida ishlash chog‘ida rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, soxta hujjatlar tuzish, ulardan foydalanib, xo‘jalik yurituvchi subyektlar orqali pul mablag‘larini naqdlashtirib, ularni uyushgan guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlash orqali moddiy daromad orttirish bilan shug‘ullangan.

Sud hukmiga ko‘ra, Muzaffar Saliyev Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (Juda ko‘p miqdorda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida (Mansab soxtakorligi / takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan / uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan qo‘shimcha jazoni to‘liq qo‘shish, asosiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil unga 3 yil muddatga mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, aybdorlardan 63 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni davlat foydasiga solidar tartibda undirish, Saliyev nomiga rasmiylashtirilgan Lada Pickup, Tracker avtomobillari, 2 ta xonadon, bitta hovli, 14,6 ming dollarlik mablag‘i yetkazilgan zararni qoplashga qaratilishi belgilangan.

Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi va bu muddat 2023-yil 6-aprel sanasidan hisoblanishi qayd etilgan.

30-iyul kuni Toshkent shahri sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati keltirilgan apellyatsiya shikoyatlarini jinoyat ishi bilan birga ko‘rib chiqqan va 13-mart kunidagi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.