15-avgust kuni senatorlar “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Qonunda g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va bullingni zo‘ravonlik shakllari deb topish, shuningdek, bolalarni himoyalash tartibini joriy etish va tarbiya jarayonida jismoniy jazolashni taqiqlash belgilangan. Qonun ma’qullash jarayonida Senat raisi Tanzila Narbayeva bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va qonun haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Joylarda „mahalla yettiligi“ faoliyat ko‘rsatyapti, ular bilan birgalikda ishlash kerak. Ijtimoiy himoya milliy agentligining eng quyi bo‘g‘inlarida hozir ikki-uchtadan mahallaga bir nafardan xodim biriktirib berilyapti, to‘g‘rimi? Shu asosiy vazifalar bo‘ladi, shuning uchun xodimlarning tayyorgarligi va zamonaviy standartlarga mos ravishda o‘z ishini bilishi juda muhim masala”, — deydi u.

“Aytib o‘tish kerakki, ijtimoiy himoya masalasiga oid tizimning Prezident huzurida joriy qilingani, bu masalaga davlatimizning qanchalik e’tibor berayotganligidan dalolat. Ijtimoiy himoya milliy agentligining maqomi yuqori qilib qo‘yilgani bejiz emas. Chunki muammo bor. Zo‘ravonlikka uchragan bolalar bilan ishlash doirasida ta’lim, tarbiya, tibbiy xizmat masalalarida muammo bo‘lmasligi mumkin. Lekin zo‘ravonlik qilgan shaxslar bilan ishlashda muammo bor. Albatta, bu yo‘nalishda Maktabgacha va maktab ta’limi, Ichki ishlar vazirliklari, Prokuratura xodimlarini o‘qitish, qayta tayyorlash zarur. Bundan tashqari qisqa muddatli kurslar ham tashkil qilinishi kerak. Zo‘ravonlik qilgan shaxslar bilan, tuzatish dasturlari asosida alohida ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak.”, — deya qayd etdi rais.

“Himoya orderi joriy qilindi, bir yilgacha cho‘zib berildi. Zo‘ravonlikka uchragan ayollarga ham tibbiy yordam ko‘rsatiladi, kasbga o‘qitiladi, ishga joylanadi, u bilan psixologik ishlaydi, ijtimoiy xodim ishlaydi, lekin zo‘ravonlik qilgan shaxs bilan hech kim ishlamaydi. U yo ichkilikka berilgan bo‘ladi, yo salomatligida muammosi bor odam bo‘ladi. Shuning uchun u bilan hech kim ishlamaydi. Ayol bilan ishlanadi, lekin u [zo‘ravon] bilan hech kim ishlamaydi. Himoya orderining muddati tamom bo‘lgandan keyin ayol yana o‘sha zo‘ravonning uyiga kiritib qo‘yiladi va bu ish yana davom etaveradi. Shuning uchun buning ildizi bilan ishlash kerak degan masalaga e’tiborni kuchaytirish kerak bo‘ladi”, — dedi Narbayeva.

Uning ta’kidlashicha, bolalar zo‘ravonligi sababli ikki mingdan ziyod shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingan.

“Agar tuzatish dasturlarini samarali yo‘lga qo‘ymasak, ota-onalar huquqidan mahrum qilinish holati yoki ayollarning bora-bora o‘z joniga qasd qilish holatiga ham olib kelishi mumkin. Shuning uchun mana shu agentlik joylardagi mahalla faollari bilan, ichki ishlar bo‘limlari bilan birgalikda namunaviy tuzatish dasturini qilib berishingiz kerak. Pastgacha tushiriladi, mutaxassislar o‘z muammolaridan kelib chiqib, unga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin bo‘ladi va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yayotgan shaxslar bilan individual ishlash kerak bo‘ladi. Qachonki, biz shu ishni yo‘liga qo‘ymas ekanmiz, zo‘ravonlik holatlari davom etaveradi. Bu bo‘yicha biz ham, albatta, faol ishtirok etamiz” — dedi u.

Senat raisi bu tizim bo‘yicha prokuratura, Ichki ishlar vazirligida xodimlarni o‘qitish, qayta tayyorlash uchun o‘quv muassasalarida qisqa muddatli kurslar tashkil qilinishi kerakligini qayd etdi. “Tuzatish dasturlari bilan tanishtirilib, zo‘ravonlar bilan alohida ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Ish faqatgina bir tomonlama bo‘lishi kerak emas”, — deya qo‘shimcha qildi Tanzila Narbayeva.

“Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yaxlit, mustahkam va ishonchli tizim yaratilishiga xizmat qiladi. Har doim aytamiz, qonunlar yaxshi qabul qilinadi, xalqaro standartlarga javob beradi, milliy manfaatlarimizga javob beradi, lekin ularning amaliyoti eng asosiy ish. Shuning uchun qonun qabul qilingandan keyin, albatta, muammoga yondashuvni o‘zgartirishimiz kerak. Shunday qilishimiz kerakki, mana shunday holatlar bo‘lmasin”, — dedi rais.