Poliz mahsulotlari — yozning issiq kunlarida eng ko‘p iste’mol qilinadigan noz-ne’matlardan. Shu bilan birga, qovun va tarvuzlar yetarli darajada pishmagan yoki ularni yetishtirishda kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, bu salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularni tanlashda va iste’mol qilishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.

Dorilangan poliz mahsulotlari nimasi bilan xavfli? Ulardan zaharlanmaslik uchun nima qilish lozim?

“Tarvuz tarkibida organizm uchun foydali bo‘lgan mineral va vitaminlar ko‘p. Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat bo‘lib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Xususan, tarvuzdagi kaliy va magniy asab tizimi hamda miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi”, — deydi Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev.

Undagi likopin, A, V, C kabi darmondorilar hamda kartonoid yallig‘lanish va erta qarishning oldini oladi. Shuningdek, bu mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi va xolesterin darajasini nazorat qiladi.

poliz mahsulotlari, poliz экинлари, tarvuz, tarvuz танлаш, qovun, qovun-tarvuz

Biroq tarvuz iste’mol qilishda ehtiyotkorlikni unutmaslik lozim. Xususan, ushbu poliz ekinini sotib olayotgan payt uning butunligi, chirimagani va kimyoviy o‘g‘itlar bilan me’yordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerak.

Tarkibida nitrat moddasi ko‘p bo‘lgan tarvuz iste’mol qilingada uning noxush belgilari 4−6 soat ichida paydo bo‘ladi.

Bunday holatda ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh og‘rig‘i, tana haroratining 38−39 darajagacha ko‘tarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlar sovqotishi, teri rangi o‘zgarishi (ko‘karish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.

Xususan, tarvuz yoki qovun xarid qilayotganda, eng avvalo, sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish lozim. Shu bilan birga, mahsulotlarning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqib, uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat.

poliz mahsulotlari, poliz экинлари, tarvuz, tarvuz танлаш, qovun, qovun-tarvuz

Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganidan dalolat.

Azotli o‘g‘it bilan to‘yingan tarvuz suv ostiga cho‘kadi. Agar bo‘laklanganda qiyshiq emas, to‘g‘ri kesilsa, bu holat ham uning kimyoviy moddalarga to‘yinganligining belgisidir.

Shu bilan birga, tarvuz iste’mol qilgandan keyin toza bo‘lmagan suv ichish, ovqatlanishdan oldin qo‘llar va mahsulotni yuvmaslik, poliz ekinlarini noto‘g‘ri saqlash zaharlanish xavfini oshiradi. Poliz ekinlarini kesilgandan keyin sovitkichda 2−3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda saqlash kerak.

Bundan tashqari, bolalar, ayniqsa, emizikli go‘daklarda rezavorlar iste’molini cheklash tavsiya etiladi. Agar zaharlanish belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bu holatga yuzaki qarash mumkin emas, o‘zini o‘zi davolash qat’iyan man etiladi.