15-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Qayd etilishcha, unda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari 26−28-may kunlari Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildi, deyiladi xabarda.

Suhbatda, shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat yetakchi korxonalari va hududlari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

“Turli sohalardagi jadal rivojlanayotgan ikki tomonlama hamkorlikning muhim masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, Rossiyaning BRIKS tashkilotiga amaldagi raisligini hisobga olgan holda muhokama qilindi”, — deydi prezidentlarning muloqoti haqida xabar bergan Kreml.

“Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini bundan buyon ham izchil mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat’iy ekani tasdiqlandi”, — deb qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti matbuot xizmati.