Tailand konstitutsiyaviy sudi bosh vazir Settha Thavisinni axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganlikda aybdor deb topdi va uni lavozimidan chetlatdi, deb xabar beradi Bangkok Post.

Bir yildan kamroq vaqt davomida shu lavozimda ishlayotgan siyosatchi garchi bu uning kutilmalarini oqlamagan bo‘lsa ham, sud qarorini hurmat qilishini aytdi.

Thavisinni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qaror to‘qqiz nafar sudyaning ovozi bilan qabul qilindi — 5 nafari ma’qulladi, 4 nafari qarshi chiqdi. Tailand parlamentining 40 nafar sobiq senatoridan iborat guruh sobiq bosh vazir ustidan shikoyat qilgandi. Ular uni vazirlar mahkamasi a’zolarining axloq kodeksini buzganlikda ayblagan, ularga ko‘ra, bahorda Thavisin bosh vazir idorasi vaziri etib 2008-yilda korrupsiya ishi bo‘yicha olti oyga qamalgan advokat Pichit Chuenbanni tayinlagan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Chuenban ikki hamkasbi bilan birga Oliy sud xodimlarining tushlik qutisiga 2 million bat (taxminan 57 ming dollar) solib, ularga pora bermoqchi bo‘lgan. Uchalasi ham Tailand sobiq bosh vaziri Taksin Chinavat va uning rafiqasi manfaatlarini ifodalagan.

Chuenban tayinlanganidan uch hafta o‘tib iste’foga chiqdi, bu Thavisinni huquqiy muammolardan xalos etishga urinish sifatida ko‘rildi, deya ta’kidlaydi nashr. Sobiq bosh vazirning aytishicha, u tadbirkor bo‘lgani uchun vazirlik lavozimlariga tayinlovni tartibga soluvchi barcha qoidalar bilan yaxshi tanish emas. Biroq sud Chuenban ishi yaxshigina ma’lum bo‘lgani sababli bu bahona emas, deb hisobladi.

Parlament yangi bosh vazirni saylagunga qadar uning vazifalarini bosh vazir o‘rinbosari Pumtam Vechayachay bajaradi, deya aniqlik kiritadi Bangkok Post. Bosh vazir bilan birga uning kabineti ham iste’foga chiqadi.

  • Settha Thavisin — Tailandlik ko‘chmas mulk milliarderi. U hukmron Phua Tay partiyasi tomonidan bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilgan (partiyaga sobiq bosh vazir Taksin Chinavat asos solgan, hozir esa unga qizi Paetongtan Chinavat rahbarlik qiladi). Qirollik parlamenti 2023-yil avgustida Thavisin nomzodini tasdiqlagan. So‘nggi 16 yil ichida Thavisin Tailandning sud qarori bilan lavozimidan chetlatilgan to‘rtinchi bosh vaziri bo‘ldi.
  • O‘tgan hafta Tailand konstitutsiyaviy sudi mamlakatdagi eng mashhur “Oldinga harakat” (Move Forward) partiyasini ham tarqatib yubordi. Partiya 2023-yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan, rahbari Pita Limjaroenrat esa bosh vazir bo‘lishga tayyorligini aytgandi. Senat a’zolari uning nomzodini tasdiqlashdan bosh tortdi va shu tariqa “Oldinga harakat” hukumat tuza olmadi. Saylov komissiyasi “Oldinga harakat” ustidan konstitutsiyaviy sudga da’vo qilib, partiyani qirol oilasiga tuhmat to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirish haqidagi taklifi orqali konstitutsiyaviy monarxiyani ag‘darishga urinishda aybladi. Sud da’vogarlar tomonida bo‘ldi va Limjaroenratga 10 yil davomida siyosat bilan shug‘ullanishni taqiqladi.