Senatorlar Toshkent shahridagi yerusti piyodalar o‘tish joylariga lift va eskalatorlar o‘rnatish masalasini muhokama qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Senat raisi Tanzila Narbayeva 20-dekabr kuni parlament yuqori palatasi majlisida Toshkent shahrining qator ko‘chalarida qurilgan ko‘priklarda (yerusti piyodalar o‘tish joylari nazarda tutilmoqda) lift va eskalatorlar ishlamayotgani, bu esa piyodalar hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidlagandi.

yerusti piyodalar o‘tish joylari, piyodalar yerusti yo‘lи, сенат, shaharсозлик

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarovning ma’lum qilishicha, yanvar oyidagi o‘sha yig‘ilishdan so‘ng hokimlikka lift va eskalatorlarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Shundan keyin, 21-fevral kuni barcha lift va eskalatorlar ta’mirlanib, ishga tushirilgan, hozirda ular soat 8:00 dan 20:00 gacha ishlamoqda.

Kuni kecha mutaxassislar aytilgan chorrahalarni yana bir bor tekshirib, Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasidagi piyodalar yerusti o‘tish yo‘lagida o‘rnatilgan to‘rtta eskalatordan uchtasi ishlamayotganini aniqlagan.

Tolibjon Madumarovning aytishicha, aksariyat hollarda lift va eskalatorning buzilishiga “ayrim yoshlar, maktab o‘quvchilari va boshqalarning qurilmaning avariyaviy to‘xtash tugmachasini bosib ketishi yoki tugmalarni me’yoridan ortiq bosib turishi” sabab bo‘ladi.

Senat qo‘mitasining so‘roviga asosan, shahar hokimligi tomonidan piyodalar yerusti o‘tish yo‘lagida o‘rnatilmagan 10 ta lift va 6 ta eskalatorni, Muqimiy va Lutfiy ko‘chasi kesishmasidagi 2 ta hamda Shota Rustaveli ko‘chasidagi 1 ta yerusti o‘tish yo‘laklariga o‘rnatish, tez-tez buzilib qolayotgan lift va eskalatorlarni ta’mirlash Toshkent shahri Sun’iy inshootlardan foydalanish, obodonlashtirish, ularni saqlash va ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan boshqarmaning 2024-yilgi dasturiga kiritilgan.

Mazkur ishlarni moliyalashtirish masalasi xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

yerusti piyodalar o‘tish joylari, piyodalar yerusti yo‘lи, сенат, shaharсозлик

Toshkent shahri hokimining qurilish va moliya-iqtisod ishlari hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov 10 ta lift va 6 ta eskalator o‘rnatish bo‘yicha ishlarni “moliyalashtirish masalasi bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilishini” ma’lum qildi.

31-iyul kun xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi poytaxtda 20 ta yerusti o‘tish joyini qurish uchun 107,2 mlrd so‘m (8,5 mln dollardan ortiq) mablag‘ ajratishni ma’qullagandi. O‘tish joylari manzillari ko‘rsatilmagan va shu sababli jamoatchilik va ekspertlar qarorning asosliligiga xavotir bildirgandi.

Piyodalar o‘tish joylari bilan nima noto‘g‘ri?

Yerusti va yerosti o‘tish joylari haqiqatan ham xavfni oldini olish mumkin bo‘lmagan joylarda kerak bo‘lishi mumkin. Bunday joylarga temir yo‘l uchastkalari, shaharlar chetidagi halqa yo‘llari va shahar tashqarisidagi trassalar kiradi. Shu bilan birga, o‘tish joylari piyodalar foydalanishi uchun imkon qadar qulay bo‘lishi kerak. Biroq bunga misol sifatida so‘nggi yillarda qurilgan aksariyat o‘tish joylari, jumladan, Toshkent shahrining markaziy qismidagi yerusti o‘tish joylarini aytib bo‘lmaydi.

2019-yilda “Gazeta.uz” piyodalar ko‘priklari qanday qilib shaharni yanada xavfli qilishi va odamlarni yo‘l harakati qoidalarini buzuvchiga aylantirib, hayotini xavf ostiga qo‘yishga majburlashi haqida yozgandi (maqola rus tilida).

O‘tgan yilning dekabr oyida esa “NOqulay shahar” loyihasida fuqarolar uchun ko‘plab noqulayliklar tug‘dirayotgan bunday o‘tish joylari haqida reportaj e’lon qilingandi.

Shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘l o‘tkazgichlar faqatgina harakatchanligi cheklangan odamlar uchun noqulay emas. Yosh va sog‘lom piyodalar ham vaqt va kuchni tejash uchun ko‘prikka chiqmay yo‘lni kesib o‘tishadi, ayniqsa zinadan ko‘tarilish va tushish hamda burilishlar masofani sezilarli darajada uzaytiradi. Odatda, to‘siqlar odamlarni to‘xtatib qololmaydi. Bu yuqoridagi videolavhada yaxshi ko‘rsatilgan.

Haydovchilar yo‘l o‘tkazgichga yaqinlashganda tezlikni pasaytirmaydi, chunki u yerda piyodalar paydo bo‘lishini kutishmaydi. Bu esa yo‘l o‘tkazgichlar yaqinidagi hududlarni xavfli hududlarga aylantiradi. Toshkentda bunday joylarda baxtsiz hodisalar bir necha bor sodir bo‘lgan.

Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman 2018-yilda Muqimiy va Lutfiy ko‘chalari chorrahasida (bu yerda ham samarasiz yo‘l o‘tkazgich mavjud) transport harakatini tashkil etish usulini taklif qilgandi, bunda piyodalar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymasdan ko‘chani kesib o‘tishlari mumkinligi ko‘rsatilgan.

So‘nggi yillarda Toshkentdagi ko‘plab tartibga solinmagan chorrahalarda nihoyat svetoforlar paydo bo‘la boshladi, ba’zi yerosti o‘tish joylari esa yer yuzidagi zebra o‘tish joylari sifatida ikki baravar ko‘paytirila boshlandi (Xalqlar do‘stligi maydoni, Chorsu maydoni, Beshyog‘och maydoni — ammo oxirgi holatda yerdan o‘tish joyi panjaralar bilan to‘sib qo‘yildi). Bu ish davom etadimi yoki yo‘qmi — noma’lum.