Mart oyida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi sayilda gaz portlashi oqibatida salkam 40 kishi jarohatlangani haqida yozgandik. 9-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tumani sudida mazkur holat yuzasidan hukm o‘qildi, “Gazeta.uz” hujjat bilan tanishib chiqdi.

Gap shundaki, 22 yoshli B.Sh. (erkak) 18-mart kuni Ko‘kdala tumani To‘qmor MFYda o‘tkazilayotgan Navro‘z bayramiga baliq pishirib sotish uchun borgan. 27 litrli gaz balloniga gaz plitasini o‘rnatib, foydalanishni boshlagan vaqtda profilaktika inspektori undan ballonni aholi to‘planib turgan xududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishni so‘ragan. Lekin bu so‘rov bajarilmagan. Soat 12:00 atrofida gaz balloni portlagan.

”gaz

Oqibatda sayilga buvisi bilan borgan A.R. (ayol) yuz, bo‘yin, ko‘krak, old qorin, ikkala yelka, bilak, kaft, panja, son, boldir va tizza sohalaridan 80% kuyish ko‘rinishidagi jarohatlarni olib, oradan bir oydan ko‘proq o‘tgach — 25-aprel kuni vafot etgan.

Bundan tashqari, portlash oqibatida 7 kishi kuyib, o‘rtacha og‘ir, yana 7 kishi esa og‘ir tan jarohati olgan.

Bu harakatlari orqali B.Sh. Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi (Ehtiyotsizlik orqasiday odam o‘ldirish / 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) va 111-moddasi 3-qismida (Ehtiyotsizlik orqasidan 2 yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki badanga og‘ir shikast yetkazish / BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari bilan) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sudda 3 nafar jabrlanuvchi B.Sh.ga da’vosi yo‘qligini aytib, unga yengillik berishni so‘ragan bo‘lsa, ayrimlar jarohatlar uchun qilingan xarajatlar qoplansa, unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi. Ba’zi jabrlanuvchilar esa qonuniy chora ko‘rishni so‘rash bilan cheklandi.

Hukmga ko‘ra, yigitga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jazo manzil tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.