Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunni muhokama qilindi (video).

Maruza qiluvchi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuxrat Cho‘lliyev qayd etishicha, qonun Vazirlar Mahkamasi faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi va Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlarini aniq belgilab qo‘ymoqda.

“Vazirlar Mahkamasi, uning maqomi, uni shakllantirish va faoliyatini tartibga solish masalalari bevosita Konstitutsiyada belgilangan normalarga asoslanadi hamda mazkur qonunning asosiy qoidalari ushbu normalardan kelib chiqqan. Shu bilan birga, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH davlatlari qonunchilik tajribasida barcha davlat hokimiyati oliy organlari maqomini belgilovchi qonunlar Konstitutsiyaviy qonun sifatida yuritilishi belgilangan”, — deydi Cho‘lliyev.

Senator, shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonun Konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilinishi taklif etayotganini qayd etdi. Qonun quyidagi bir qator yangi normalarni o‘z ichiga oladi.

Birinchidan, Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirishi belgilanmoqda. Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi ko‘zda tutilmoqda.

Ikkinchidan, yangi Konstitutsiyadan kelib chiqib, Hukumatning iqtisodiyot, budjet, moliya va soliq, ijtimoiy soha, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari kengaytirilmoqda.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlash, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish choralarini ko‘radi.

Shu bilan birga, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, respublikaga qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishi nazarda tutilmoqda.

Uchinchidan, Bosh vazir o‘rinbosarlarining vazifalari kengaytirilmoqda. Xususan, bosh vazir o‘rinbosarlari:

  • tegishli sohalar va tarmoqlar bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar)ga erishilishini ta’minlaydi;
  • biriktirilgan vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning samarali faoliyatini tashkil etish va natijadorlikka yo‘naltiradi;
  • vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning Vazirlar Mahkamasi bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlaydi.

To‘rtinchidan, vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda. Jumladan, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etish, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borish, uni rivojlantirish bo‘yicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Beshinchidan, qo‘mita, inspeksiya va agentliklar rahbarlarini va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilishning aniq va yagona tartibi belgilanmoqda.

Qo‘mita, inspeksiya va agentliklar rahbarlari O‘zbekiston prezidenti tomonidan, ularning o‘rinbosarlari esa O‘zbekiston Respublikasi prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Oltinchidan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar o‘rinbosarlari soni, faoliyat yo‘nalishlari prezident tomonidan belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Yettinchidan, bosh vazir kotibiyati, bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibi belgilanmoqda.

Sakkizinchidan, bosh vazir kotibiyati rahbari va bosh vazir maslahatchisi prezident tomonidan, bosh vazir kotibiyati rahbari o‘rinbosarlari, Vakolatli vakil va bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlari rahbarlari prezident bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanishi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.