Mirobod tumani sudida 15-avgust kuni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga oid jinoyat ishini bitta ish yurituviga birlashtirish yuzasidan dastlabki eshituv o‘tkazildi va uning natijasi bo‘yicha ikkita jinoyat ishi bitta ish yurituviga birlashtirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

Gap sobiq vazir hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining ish yurituvida bo‘lgan Husniddin Karimov (Qishlok xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) va boshqalarga oid jinoyat ishlarini bitta ish yurituviga birlashtirish haqida ketmoqda.

Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni 5-sentabr soat 15:00 da jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi binosida boshlanadi.

Tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining:

  • 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)
  • 168- (Firibgarlik)
  • 184- (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)
  • 185−2- (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish)
  • 189- (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)
  • 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish)
  • 206- (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish)
  • 28,209- (Jinoyat ishtirokchilarining turlari, Mansab soxtakorligi)
  • 209- (Mansab soxtakorligi)
  • 211- (Pora berish)
  • 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)
  • 243- (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

29 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, 15 nafariga garov va 6 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri 2023-yilning dekabrida hibsga olingan. oktabr oyi oxirida u ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgan.

Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktabriga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan (uning o‘rnini Ibrohim Abdurahmonov egallagan). Bungacha, 2020-yilning mart oyidan boshlab u Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.