Bolalar ombudsmani Surxondaryodagi bog‘chada 5 yoshli bola kaltaklangani haqidagi xabarni o‘rgandi. Aniqlanishicha, voqea 13-avgust kuni Denov tumanidagi 16-sonli MTMda sodir bo‘lgan.

Tarbiyachi A.G. mashg‘ulot davomida M.I.ni (2019-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) beodoblik qilgani uchun go‘yoki tarbiyalash maqsadida qo‘lidagi chizg‘ich bilan urgan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

“Ta'lim muassasalarida bolalarga nomaqbul muomalada bo‘lish va jismoniy jazo qo‘llash holatlari javobsiz qolishi mumkin emas. Bunga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanishi zarur”, — deb yozdi Surayyo Rahmonova.