14-avgust kuni Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan bir guruh O‘zbekiston bolalari vatanga qaytarildi, deya xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, bosh konsulxona ko‘magida Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk va Vladivostok shaharlarida qarovsiz qolgan 14 yoshgacha bo‘lgan 8 nafar bola Sibir poytaxtiga to‘plangan.

Konsulxona Rossiya tomonidan zarur hujjatlarni imkon qadar tezroq olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan va bolalarni issiq ovqat bilan ta’minlagan.

Ayni paytda ota-onasi turli sabablarga ko‘ra ularning tarbiyasida ishtirok eta olmagan bolalar O‘zbekistonga sog‘-salomat yetib kelgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Voyaga yetmaganlar markazlarida yashayotgan 7 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Ular ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshirilishi kerak.