15-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-293-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar qilindi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2024−2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • O‘zbekiston Respublikasida milliy kriptologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi.

Respublikaning oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tajribali mutaxassislaridan iborat Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi.

Davlat va jamiyat hayotidagi real ehtiyojlarni inobatga olgan holda, respublikada kriptologiya sohasida dolzarb muammolarni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirish Ekspert guruhining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.