Senatning 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun 25-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi.

Senator qonun haqida Faraxat Sa’dullayeva maruza qildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar va kiritilmoqda. Qonun 4 ta moddadan iborat bo‘lib, unda quyidagilar nazarda tutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni yangi norma bilan to‘ldirilmoqda.

“Xususan, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi belgilanmoqda. Mazkur norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 18-moddasida belgilangan qoidalarga to‘la muvofiq keladi. Bu masalada ham ayrim noto‘g‘ri talqin qilishlar bo‘lgandi, Qonunchilik palatasi aniq qilib, ota-onaning o‘zi bolasiga diniy tarbiya va diniy ahloq bo‘yicha o‘z qarashlaridan kelib chiqib saboq berish huquqi kafolati alohida belgilab berilibdi. Bu juda to‘g‘ri qilingan, deb hisoblaymiz”, — dedi Faraxat Sa’dullayeva.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirilmoqda.

Ya’ni ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlanadi.

Senat qonunni ma’qulladi va prezident imzolashi uchun yubordi.