Oliy Majlis Senati ichki ishlar organlari xodimlarining ish faoliyatiga oid foto va videolavhalarni “obro‘sizlantirish maqsadida” internet tarmog‘ida e’lon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni ma’qullamadi. Hujjat o‘tgan yili keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonunni, ayniqsa, jarima ballari va “huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida” videolavhalar e’lon qilishni taqiqlash bo‘yicha normalarni takomillashtirish zarurligini aytdi.

Uning aytishicha, qonun loyihasini takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasi tuziladi.

Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Senat va Qonunchilik palatasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Senatda kelishuv komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi tashabbus Senat raisidan, shuningdek Senat a’zolari umumiy sonining kamida beshdan bir qismini tashkil etuvchi senatorlardan chiqishi mumkin.

Kelishuv komissiyasining Senatdan ko‘rsatilgan tarkibi uning majlisida, Senat majlislari oralig‘idagi davrda esa uning Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Kelishuv komissiyasining har bir palatadan saylangan a’zolari o‘z tarkibidan ko‘pchilik ovoz bilan komissiya hamraislarini saylaydilar.

Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir e’tirozini alohida-alohida ko‘rib chiqadi.

Agar Senat qonunni kelishuv komissiyasi tomonidan kiritilgan tuzatishlarni ma’qullamasa, u rad etilgan deb Qonunchilik palatasiga qaytarilishi kerak.

Qonun nima haqida edi?

Muhokamaga sabab bo‘lgan qonun “mamlakatda sodir etilayotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solishga maqsadida” tayyorlangan. Qonunning birinchi qismida haydovchilarning qoidabuzarliklariga doir bir qator jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xususan, qonun orqali 2018-yildan buyon joriy etilishi kutilayotgan jarima ballari tizimi ham nihoyat ishga tushirilishi kutilayotgandi. Ammo Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonunning ikkinchi qismiga jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan “obro‘sizlantirish” normasi ham qo‘shib ketildi.

Ushbu normaga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (17 mln so‘m) miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev qonunning ikkinchi qismida taklif etilgan norma mamlakatdagi ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini ta’kidlab, huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini ta’minlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini qayd etib o‘tgan edi.

Shuningdek, u qonunchilikda ushbu huquqbuzarlik uchun moddalar allaqachon mavjudligini bildirib o‘tgan.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi 11-yanvar kuni qonun loyihasi muhokamasini tashkil etgan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.

Ko‘plab jamoatchilik vakillari qonundagi aynan ushbu normaga e’tiroz bildirib, qolgan qismiga e’tiroz yo‘q ekanini ta’kidladi.

“Mast holda mashina haydaganlarga javobgarlik kuchaytirilishi ham, jarima ballarining qo‘llanilishi ham, avtomaktab bilan bog‘liq qismlarini ham — hammasi zo‘r, bu kutilgan qonun va uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo asosiy e’tiroz huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini video yoki fotosuratga olib, internetga joylaganlik uchun ma’muriy qamoq darajasigacha bo‘lgan javobgarlikni belgilash haqidagi qismiga edi. Umuman masalaning mohiyati shu edi. Hozir necha nafar odam o‘lgani, haydovchilarni tarbiyalashimiz kerakligi, ahvol chatoqligi haqida gapiryapmizda, xuddiki shu bilan mana shu moddani xaspo‘shlayotgandek bo‘lib qolyapmiz”, — dedi, xususan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev 11-yanvardagi yig‘ilishda.

Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgandi.