15-avgust kuni Toshkent shahri Uchtepa tumani 13-mavzedagi 5-ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 13:04 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar tushgan, 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:13 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 13:29 da bartaraf etilgan.

Milliy TV telekanalining Millar ko‘rsatuvida aytilishicha, 5-qavatdagi xonadon egalari uyda 2 nafar yosh bolani yolg‘iz qoldirib, eshikni tashqaridan qulflab ketgan. Yong‘in kelib chiqqanda, ular balkon tomonga turib olib, yordam so‘ragan.

bolaлар, yong‘in

“7 yoshli bola oynadan tashqariga chiqib, pastga sakrayman deganda va sakraganda maxsus gilam orqali shu yerdagi aholi uni qutqarib qolgan”, — dedi FVB matbuot kotibi Zuhriddin Qurbonov.

Ichkarida qolgan 5 yoshli bola esa qutqaruvchilar tomonidan olib chiqilib, hayoti saqlab qolingan va tibbiyot xodimlariga topshirilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.

Hodisa oqibatida xonadonning 20 metr kvadrat maydonda uy jihozlari yonib zararlangan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi boshqarma xabarida.