Futzal bo‘yicha O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati o‘yinlariga chiptalarni onlayn xarid qilish va kirish joyida tekshirtirish uchun futsal2024.uz sayti yaratildi.

Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda servisni ishlab chiquvchilardan biri Uzinfocom kompaniyasi xabar berdi.

“Futsal2024 platformasi internet orqali chiptalarni qulay va oson xarid qilish imkoniyatini beradi, qulay interfeys bilan ta’minlangan, o‘yinlarni va arenalardagi joylarni oson tanlash, turli to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshirish imkonini yaratadi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, platformaning xavfsizligi va shaffofligi “noyob QR-kodlar va arena xavfsizlik tizimlari bilan integratsiyalanadi”.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi futzal bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan o‘yin 14-sentabrdan 6-oktabrgacha davom etadi.

Bellashuvlarga O‘zbekistonning uch shahri — Toshkent, Buxoro va Andijon mezbonlik qiladi. Registon maydonida futzal bo‘yicha Jahon chempionati-2024 turniri guruh bosqichiga tashlangan qur’aga ko‘ra, O‘zbekiston “A” guruhidan joy olgan, jamoaga Niderlandiya, Paragvay va Kosta-Rika raqiblik qiladi.

Avvalroq, chempionatga chiptasi bor muxlislar temiryo‘ldan 50 foizli chegirma bilan foydalanishi xabar qilingandi. Shuningdek, ular uchun jamoat transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.