16-avgust kuni Kurash federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Sport vazirligi matbuot xizmati.

Tadbirda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev delegatlarning ovoz berishi natijasida yangi 5 yillik muddatga mamlakat kurash federatsiyasi raisligiga qayta saylandi. U mazkur lavozimga 2019-yilning oktabrida kirishgandi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1962-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Olmaliq shahri prokuraturasida stajyor sifatida boshlagan, prokuratura organlarida katta tergovchi, boshqarma prokurori, bo‘lim boshlig‘i, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i va bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Yo‘ldoshev 2011-yildan adliya vaziri bo‘lib ishlagan, 2015-yilda Senat raisi etib saylangan. 2019-yilning iyun oyida prezident farmoni asosida sobiq bosh prokuror Otabek Murodov lavozimidan ozod etilgani ortidan uning o‘rnini egallagan

2024-yilning iyun oyida esa Nig‘matilla Yo‘ldoshev bosh prokuror lavozimiga qayta tayinlangani e’lon qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra, bosh prokurorning vakolat muddati — 5 yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining bosh prokurori lavozimini egallashi mumkin emas.