Ukraina Rossiyaning Kursk viloyatidagi o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududda harbiy komendatura tashkil qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 15-avgust kuni bo‘lib o‘tgan shtab yig‘ilishida prezident Vladimir Zelenskiyga ma’lum qildi.

“Nazoratdagi hududlarda tartibni saqlash va aholining ustuvor ehtiyojlarini qondirish maqsadida harbiy komendatura tashkil etildi”, — dedi Sirskiy (iqtibos “Ukrainskaya pravda"dan).

Sirskiy, shuningdek, UQK 82 ta aholi punkti va 1150 kv. km. maydonni nazorat qilayotganini aytdi.

“Umumiy hisobda, Kursk viloyatida operatsiya boshlanganidan beri qo‘shinlarimiz 35 kilometr ichkariga kirdi”, — dedi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi 15-avgust kungi hisobotida RF armiyasi Kursk viloyatidagi Krupets qishlog‘i ustidan nazoratni tiklagani, shuningdek, Varvarovka, Safonovka, Sheptuxovka, Kauchuk, Alekseyevskiy va Matveyevka tumanlarida UQKning hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi.

  • UQK 6-avgust kuni Kursk viloyatining Sudja tumaniga hujum boshladi. Rossiya Mudofaa vazirligi UQKning oldinga siljishi to‘xtatilganini ma’lum qildi, ammo rossiyalik harbiy mavzudagi blogerlarning fikricha, u davom etmoqda. The Washington Post nashrining yozishicha, operatsiyada Ukrainaning bir necha mexanizatsiyalashgan va hujumkor bo‘linmalari ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin.
  • The Economist Ukrainaning Rossiyaning Kursk viloyatidagi operatsiyasining yakuniy maqsadi hamon noaniq qolayotgani, biroq minimal vazifa, aftidan, Rossiya qo‘shinlarini Xarkov va Donetsk viloyatlaridagi front sektorlaridan olib chiqib ketish bo‘lganini yozdi.
  • Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukraina Rossiyaning chegaradosh viloyatlarida, jumladan, Kurskda “xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal qilayotgani” va “ushbu hududlarni bosib olishdan manfaatdor emasligini” aytdi. “U Rossiyaning ko‘plab harbiy obyektlarini amalda yo‘q qilish, Rossiya qo‘shinlarining qoldiqlarini Ukraina hududiga artilleriya va ballistik raketa zarbalari berishga imkon beradigan chegaradan tashqariga chiqarish, Ukraina chegaralari atrofida xavfsizlik kamari shakllantirish va harbiy logistika va infratuzilmani (shu jumladan, saqlash bazalari, mashg‘ulot markazlari, uskunalarni jamlash joylari) yo‘q qilishdan manfaatdor”, — deb yozdi Podolyak X ijtimoiy tarmog‘ida.