Yil boshidan buyon O‘zbekistonga mazut importi ikki barobar oshdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasining “Gazeta.uz” o‘rgangan ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Yanvar-iyul oylarida 843,64 ming tonna mazut olib kelindi, bu o‘tgan yilning shu davriga (416,5 ming tonna) nisbatan 427,1 ming tonnaga ko‘p.

Joriy yil yanvarida import o‘tgan yilnikiga nisbatan 10,2 barobar kam bo‘ldi — 8,5 ming tonna. Shu bilan birga, iyunda olib kelish 22 marta (2023-yil iyuniga nisbatan) — 5,6 ming tonnadan 123,5 ming tonnagacha, iyulda esa — 4,75 ming tonnadan 934,7 ming tonnagacha (19,6 marta) oshdi.

Bu O‘zbekiston gaz qazib olish (elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun asosiy yoqilg‘i) kamayib borayotgani fonida elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun issiqlik elektr stansiyalarida ko‘proq mazut ishlata boshlaganini (yoki kelayotgan qish uchun zaxiralaganini) ko‘rsatishi mumkin. “Issiqlik elektr stansiyalari” matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, IESlarda mazut qishda ishlatiladi.

O‘tgan yilning yetti oyida olib kelish qiymati 142,5 million dollarni, joriy yil boshidan esa 334,9 million dollarni (2,3 barobar ko‘p) tashkil etdi.


Manba: Bojxona қўмитасиManba: Bojxona қўмитасиO‘zbekistonga suyuq, asosan, issiqlik yoqilg‘isi importi ham keskin oshdi. Isitish moyi (tim qora va yorug‘i) burnerlar, maishiy va sanoat isitish qozonlari, shu jumladan, issiqxonalar uchun ishlatiladi.

Yanvar-iyulda 19 ming tonna yonilg‘i yetkazib berildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 barobar ko‘p.

Hajmning deyarli 95 foizi aprel oyiga to‘g‘ri keldi, o‘shanda 17,9 ming tonna yonilg‘i yetkazib berilgan.

Bu davrdagi olib kelish qiymati 7,2 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida bu miqdor 1,16 million dollarga yetgandi.

O‘tgan yili O‘zbekiston mazutni har kg uchun 64−73 sentdan sotib olgan bo‘lsa, bu yil 45−50 foiz arzonga — 35−37 sentdan (import narxi 65,8 sentdan bo‘lgan yanvar oyidan tashqari) oldi.

Joriy yilning yanvarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini tezda normal holatga keltirish choralarini taklif qilgan edi. Poytaxtda ishlayotgan issiqlik punktlarida mazutdan zaxira yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlangani shular jumlasidandir.

O‘shanda ta’kidlanishicha, kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslanishiga hamda aholini e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, dekabr oyida Toshkent shahridagi olti issiqlik markazlarining to‘qqizta qozonxonasida 3 ming tonna mazutdan foydalanilgan.

Mazut og‘ir neft yoqilg‘isi deb ataladi, u o‘zida neftni distillash paytida olingan qoldiqni, uning ikkilamchi mahsulotlarini va gaz kondensatini jamlaydi.