Juma va dam olish kunlari salqin havo O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Sinoptiklarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 2 kun (14, 15-avgust) juda issiq bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida havo harorati kunduz kunlari +39…+41, janubda ba’zi joylarda +42…44, Termiz hududida +45 darajagacha ko‘tarildi.

Payshanba kuni kunduzi O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga salqin havo kirib kelishi boshlandi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo harorati +35…+38 darajadan +30…+33 darajagacha pasaydi.

Juma va shanba kuni havo harorati asosan kunduz kunlari +31…+36, yakshanba kuni esa +27…+32 daraja atrofida bo‘ladi. Kechalari ham ancha salqinlashadi, harorat +17…+22 darajagacha pasayadi.

Shanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida, yakshanba kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, bugun va ertaga yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan +33…+36 daraja bo‘ladi.

Yakshanba kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Harorat kechasi +19…+21 darajagacha, kunduzi +27…+29 darajagacha pasayadi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 10−15 m/s gacha kuchayishi mumkin.