Uzbekistan Airways’ning Malayziyaga uchgan reysida o‘g‘rilikka urinish sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda aviakompaniya matbuot xizmati.

15-avgust Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan aviaqatnovda yo‘lovchilarning qimmatbaho buyumlari o‘g‘irlangan. Samolyot Malayziyaga yetib kelgach, politsiya chaqirilgan.

Ekipaj huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda havo kemasini ko‘zdan kechirish bo‘yicha tegishli protseduralarni amalga oshirgan va jarayonda barcha buyumlar topilgan. Gumon qilingan chet el fuqarolari esa shu joyning o‘zida ushlanib, politsiya xizmatiga olib ketilgan.

Uzbekistan Airways’ning ta’kidlashicha, bunga o‘xshash holatlar ko‘plab aviakompaniyalar bilan sodir bo‘ladi. Kompaniya ham “bunday hodisalarga qarshi qattiq kurashni qo‘llab-quvvatlaydi va ushbu yo‘nalishda huquqni muhofaza qilish organlari va belgilangan mamlakatlarning migratsiya xizmatlari bilan birgalikda ish olib bormoqda”, deyiladi xabarda.

Aviakompaniya yo‘lovchilarning qo‘l yuki uchun javobgar emasligini eslatdi. U yo‘lovchilar qimmatbaho buyumlari va pul mablag‘larini o‘zida saqlashi, buyumlarni o‘rindig‘i tepasiga yoki ostiga joylashtirishi kerakligini qayd etdi.