Samarqand shahrida 26−30-avgust kunlari YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tishi, bu yilgi musiqiy tadbir Registon maydonida emas, balki “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkazilishi haqida yozgandik.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning 16-avgust kuni AOKAdagi matbuot anjumanidan so‘ng “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qilishicha, festival, an’anaga muvofiq, bu yil ham Registon maydonida o‘tkaziladi.

“Xalqimiz orasida madaniy meros nuqtai nazaridan festivalning Registon maydonida o‘tkazilishiga nisbatan ko‘p e’tirozlar bildiriladi. Shu sababli ham bu safar festival bo‘lib o‘tadigan joyni o‘zgartirmoqchi bo‘ldik. Lekin bu orqali shuncha yillik festivalning nufuzi tushib ketarkan, ko‘plab xorijiy davlatlardagi ishtirokchilar bu yil “Sharq taronalari”da qatnashish fikridan ham qaytdi. Chunki “Sharq taronalari”ning asl brendi bu — Registon, festivalning mazkur maydonda o‘tkazilishi hamma uchun qiziq. Ekspertlar Registon maydonini o‘rganib, o‘zlarining talablari va xulosalarini berdi. Ularning talablari asosida joriy yilgi festivalni Registonda o‘tkazishga qaror qildik”, — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy yil festivalda dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil: san’atkorlar, olimlar, soha mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda.

Tadbir dasturiga asosan, festivalning ochilish marosimi 26-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. 27−28-avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. 27−29-avgust kunlari soat 19:00 da festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilib, xalqaro hay’at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari baholanadi. 30-avgustda yopilish marosimi bo‘ladi va g‘oliblar taqdirlanadi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, g‘oliblar ikkita yo‘nalish bo‘yicha aniqlanadi, ular tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • “Gran-pri” — 10 000 dollar (xalqaro hay’at qaroriga muvofiq, munosib nomzod topilmaganda “Gran-pri” berilmaydi);
  • I o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2×5000 — 10 000 dollar;
  • II o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2×3500 — 7000 dollar;
  • III o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 3×2000 — 6000 dollar.

Shuningdek, tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay’at a’zolari hamda muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan qatnashchilar “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom hamda 500 dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 1997-yildan buyon Samarqandda o‘tkazib kelinayotgan festival oxirgi marta 2019-yilda bo‘lib o‘tgandi. Vazirlikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, festival COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan.