“U-23 futbol terma jamoasining barcha futbolchilari, murabbiylari va butun personali O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olimpiya o‘yinlariga yetaklagan birinchi jamoa sifatida tarixga kirgan qahramonlardir. Filmimiz orqali Timur Kapadze boshchiligidagi yosh yigitlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘lni qanday bosib o‘tgani, sportdagi katta yutuqlar zamirida qanday mehnatlar turishi haqida hikoya qilmoqchimiz”, — dedi “Gazeta.uz” direktori Davlat Umarov.

2024-yil iyun oyida “Gazeta.uz” DBLA gibrid prodakshn-studiyasi yordamida tahririyatning birinchi hujjatli filmini suratga olishni boshladi.

“Filmimiz o‘z mehnati va matonati evaziga ko‘p to‘siqlarni yengib o‘tib, butun xalqning uzoq yillik orzusi — Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan o‘zbek futbolining yangi qahramonlari hikoyasini ochib beradi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlashdi va butun mamlakat uchun tarixiy lahzalarni suratga olishimiz uchun olimpiyachilarimizning mashg‘ulotlari va yig‘inlarida ishtirok etish imkoniyatini taqdim etishdi. Biz iyun oyida suratga olishni boshladik va jamoa bilan Toshkent va Fransiyadagi uchta yig‘inda qatnashdik, shundan so‘ng Parijdagi o‘yinlar boshlanishidan oldin ularni Olimpiya shaharchasiga kuzatdik.

Jamoamiz uchun bu — mamlakatning turli burchaklaridan kelgan oddiy yigitlarning bir maqsad yo‘lida birlashgani haqidagi hikoya. O‘zbek xalqi uchun bu bizning futbolchilar o‘ynagan katta miqyosdagi birinchi turnir edi. Jamoamizning Olimpiya o‘yinlaridagi chiqishlari ko‘plab muxlislarni birlashtirib, ularda yoqimli hissiyotlar qoldirdi va o‘ziga xos g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi. Aytish mumkinki, jamoaning barcha o‘yinlari televideniye qarshisida millionlab o‘zbekistonliklarni birlashtirdi", — deydi Davlat Umarov.

Mashg‘ulot yig‘inlari. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

“„Gazeta.uz“ kolumnisti Dmitriy Povarov yozganidek: „Kapadzening murabbiylar shtabi va Olimpiadaga yo‘l olgan har bir kishi yuqoriga olib boradigan yo‘lni topdi. Bugungi futboldagi yagona to‘g‘ri yo‘lni“. Bizning film Parijga olib borgan yo‘lni unutmaslikka yordam beradi”, — deya ta’kidlaydi tahririyat direktori.

To‘liq metrajli hujjatli filmning ishchi nomi — “Muvaffaqiyat omili” / “Faktor uspexa”.

Avgust oyida suratga olish ishlari Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida davom etadi. Filmning premerasi noyabr oyining boshida bo‘lib o‘tadi, so‘ngra filmni “Gazeta.uz” platformalarida tomosha qilish mumkin bo‘ladi.

Suratga olish ishlari “Gazeta.uz” filmining bosh hamkorlari — Ishonch va United Cement Group kompaniyalari ko‘magida olib borilmoqda.