O‘zbekistonda 576,1 ming nafar taksi haydovchisi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar qildi.

Yil boshidan 15-avgustgacha agregatorlar orqali 166 milliondan ortiq qatnov uchun 3 trln so‘mlik fiskal chek berilgan. 1-mart holatiga (18,3 mln qatnov) taqqoslaganda qatnovlar soni 9 barobarga ortgan.

Aprel oyida 6 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan edi. Bugungi kunda integratsiyani yakunlagan agregatorlar soni 142 tani tashkil etmoqda.

soliq qo‘mitasi, taksi, taksi бозори, o‘zini o‘zi band қилиш

Avval norasmiy ishlab kelgan yarim mln nafardan ortiq fuqaro (576,1 ming) yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 361 ming nafardan ziyodi agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatadi, bu mart oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 barobar ko‘p.

Bir martalik yo‘lovchi tashishning o‘rtacha narxi 18 003 so‘mni tashkil etgan. Yo‘l kiraning 75,3 foizi naqd ko‘rinishida to‘langan.

Taksi haydovchilarining 99,2 foizi erkaklar hisoblanadi. Ular eng ko‘p Nexia, Cobalt, Lacetti, Spark va Matiz haydaydi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, to‘lovlarni fiskallashtirish o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilarning daromadlari haqida ma’lumot olish imkonini bermoqda. Ularning yil boshidan to 15-avgustgacha bo‘lgan daromadi quyidagicha taqsimlangan:

  • 125,6 ming nafari 1 mln so‘mgacha;
  • 104 ming nafari — 1−5 mln so‘m;
  • 45,3 ming nafari — 5−10 mln so‘m;
  • 78 ming nafari — 10−50 mln so‘m;
  • 7,6 ming nafari — 50−100 mln so‘m.

171 nafar haydovchining daromadi 100 mln so‘mdan oshgan.

“Bu raqamlar norasmiy bandlik va mehnatga haq to‘lashning yashirin shakllarini legallashtirishning natijalarini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Taksi bozorida yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish — bu haydovchilar va yo‘lovchilarning huquqlari qonun bilan himoyalangan adolatli va shaffof bozorni yaratish yo‘lidagi muhim qadam”, — deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 1-sentabrdan 2025-yilga qadar taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida qaralishi va ularning faoliyati litsenziya asosida amalga oshirilishi haqida qaror qabul qilingandi. O‘sha vaqtda Toshkent shahar transport boshqarmasi o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar litsenziya varaqasini qayerdan va qay tartibda olishlari borasida ma’lumot bergandi.