“O‘zbekkino” milliy agentligi kino ishlab chiqarishni to‘xtatsagina, sohada oldinga siljish bo‘ladi. Agentlik kino olish bilan shug‘ullanmasligi, faqat buyurtmachi sifatida xususiy shirkatlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu haqda 16-avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“O‘zbek kinosi sohasidagi holatni kechagidan bugungisi yaxshi, deb aytamiz. Lekin kino masalasida natija nuqtai nazaridan baribir hali katta yutuqqa erishdik deb ayta olmayman. Xabarlaringiz bor, bu yildan „O‘zbekkino“ milliy agentligi (Kinematografiya agentligi nazar tutilmoqda — tahr.) Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tdi. Biz hozir agentlik faoliyatini ichidan butunlay o‘rganyapmiz. Menga vazir sifatida kino bo‘yicha nima xulosa qilding, desangiz, men aytamanki, „O‘zbekkino“ kino ishlab chiqarishni to‘xtatsa, keyin rivojlanish, oldinga yurish bo‘ladi. Buning uchun „O‘zbekkino“ kino olmasligi, bu ish bilan shug‘ullanmasligi kerak, faqat buyurtmachi bo‘lib, g‘oyani berib, xususiy shirkatlarni rivojlantirishi va ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ana shundagina ijodkorlar erkin ijod qiladi”, — dedi Nazarbekov.

Uning qayd etishicha, hozir ijodkorlarning erkinligi nuqtai nazardan baribir kino sohasi hali mutlaq erkin emas, ijodkorlar o‘zi xohlaganidek ijod qilmayapti.

“Ammo erkin qo‘ysak, ikkinchi tarafiga chidashimiz kerak. Siz aytgandek, erkin qo‘yilsa, ma’nan sayoz kinolar olinyapti. Ikkalasida ham muammo bor, ya’ni erkin qo‘ysa ham, erkin qo‘ymasa ham muammo bor. Yaxshi ijodkorning qo‘liga yaxshi asarning yetib bormayotganining birinchi sababi — “O‘zbekkino”ning o‘zi kino olyapti, yaxshi asarni hech qachon birovga bermaydi. “O‘zbekkino”ga sizni rahbar qilsa, siz ham bermaysiz, yaxshi asarni o‘zim kino qilaman, deysiz. Mana shu kabi muammolarni asta-sekin ko‘rib, tahlil qilib, qaysidir hujjatlarda aks ettirib, islohotiga chiqib boryapmiz. Lekin kinoning ahvoli kechagisidan buguni ancha yaxshi”, — dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021-yil apreldagi farmoni bilan “O‘zbekkino” milliy agentligi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlangan. 2019-yildan beri agentlikni boshqarib kelgan Firdavs Abduxoliqov 2024-yil 5-iyun kuni lavozimidan ozod etilib, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori bo‘ldi. Uning o‘rnini 2017-yildan buyon Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan Shuhrat Rizayev egallagan.

Kinorejissyor Sarvar Karimov “Gazeta.uz”ning “Mifonomika” loyihasida mehmon bo‘lib, soliq to‘lovchilarning pullarini kino sohasiga ajratish qanchalik o‘rinli ekani haqidagi fikrlari bilan bo‘lishgandi.

“O‘zbekiston bugungi kunda kinoga pul berishni to‘xtatishi yoki qattiq cheklashi kerak deb hisoblayman. Umuman olganda, bizga Madaniyat vazirligi kerakmi? Vazirlik tuzilmasida bo‘lgan „O‘zbeknavo“, „O‘zbekkino“ tashkilotlari bizga kerakmi, degan savolni davlatimiz o‘z oldiga qo‘yishi kerak”, — degan edi Sarvar Karimov.