Tarmoqlarda elektr energiyasi uchun asossiz qarzdorlik haqida xabarlar tarqalmoqda. Foydalanuvchilardan biri 17-iyul kuni elektr energiyasi uchun 500 ming so‘m to‘lagani, 17-avgust kuni ertalab esa 483 ming so‘m qarzi uchun elektr tarmog‘idan uzilgani haqida xabar bergan. Muallifning eslatishicha, 10 ming so‘m qarz evaziga elektr quvvati uzilgan.

Yana bir videoda bloger boshqa iste’molchilar orasida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman elektr tarmoqlari korxonalariga tushuntirish berish uchun murojaat qilinganda, “bu o‘tgan yillardagi qarzlar, tizim yangilangani sababli ma’lumotlar saqlanmagan” degan javob olingan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasining xabar berishicha, bu holat avgust oyi boshida yangi HET Billing dasturiy kompleksi ishga tushirilgandan keyin yuzaga kelgan.

“Eski tizimdan iste’molchilarning arxiv ma’lumotlarini yangi tizimga ko‘chirishda ayrim iste’molchilar shaxsiy hisobida noaniqliklar kelib chiqmoqda. Bunday noaniqliklarni aniqlangan hududlarda ayni paytda qo‘shimcha mutaxassislar ajratilgan holda masalaga oydinlik kiritish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

1-avgustdan O‘zbekistonda elektr energiyasini hisobga olishning yangi billing tizimi — HET Billing joriy etilgan. To‘lovlar va elektr energiyasi iste’moli haqidagi ma’lumotlarga ega mobil ilova ham ishga tushirilgan.

2023-yil sentabr oxirida prezident energetika sohasida islohotlarning yangi bosqichi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. “Hududiy elektr tarmoqlari”ga 2024-yil oxirigacha elektr energiyasini hisobga olishning yangi billing tizimini yaratish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2017-yil 14-sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda 2020-yil oxirigacha kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob tizimini yaratish rejalashtirilgandi. 2021-yilda ekspertlar yagona billing tizimini joriy etishdagi muammolarni muhokama qilgan, biroq u shu kungacha yaratilmagandi.

Yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda xorijiy tajriba asosida uy-joy kommunal xizmatlariga haq to‘lash tizimida yagona billing hisob raqamini joriy etish vaqti kelganini aytgandi. May oyida davlat rahbariga bir vaqtning o‘zida 8 turdagi uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha Yagona kommunal xizmatlar platformasi taqdim etilgan.