Iroq parlamenti shaxsiy maqom to‘g‘risidagi qonunga diniy idoralarga nikoh masalalarini tartibga solish imkonini beruvchi va qizlarning turmush qurish yoshini 9 yoshga tushiruvchi tuzatishni birinchi o‘qishda qabul qildi, deya xabar bermoqda Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti. Qonun loyihasi yana ikkita o‘qishdan o‘tishi kerak.

Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, agar tuzatish qabul qilinsa, mamlakatdagi ayollar va qizlar huquqlari uchun “halokatli oqibatlarga” olib keladi.

“Iroq parlamentining ushbu qonun loyihasini qabul qilishi iroqlik ayollar va qizlar hamda ular juda qattiq kurashgan huquqlar uchun orqaga tashlangan halokatli qadam bo‘ladi… Bolalar nikohini rasman qonuniylashtirish son-sanoqsiz qizlarni kelajagi va farovonligidan mahrum qiladi. Qizlar to‘y libosida emas, maktabda va o‘yin maydonchasida bo‘lishi kerak”, — deydi Human Rights Watch’ning Iroq bo‘yicha tadqiqotchisi Sara Sanbar.

Iroq inson huquqlari guruhlari va faollari tuzatishga qarshi chiqdi. Iroqning Bag‘dod va yana bir qancha shaharlarida namoyishlar bo‘lib o‘tdi, deb yozadi The Guardian. Qonun tarafdorlari, o‘z navbatida, namoyishchilarni “ma'naviy tanazzulda” va “G‘arb kun tartibiga rioya qilishda” aybladi.

HRW’ning qayd etishicha, Iroq parlamenti allaqachon 2014 va 2017-yillarda shaxsiy maqom to‘g‘risidagi qonunga o‘xshash tuzatishlar kiritishni taklif qilgan, har ikki holatda ham ular qabul qilinmagandi.

2021-yildan beri Iroq parlamentidagi ko‘pchilik o‘rinlarni shialarni muvofiqlashtiruvchi kuchlar bloki egallab kelmoqda. Ular shariatga asoslangan bir qancha qonunlarni qabul qilgan. Hozirgi tuzatish tashabbusi ham ularga tegishli.

1959-yilda qabul qilingan joriy shaxsiy maqom qonuniga ko‘ra, Iroqda nikoh yoshi 18 yoshni tashkil qiladi. Muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, turmush qurayotgan er-xotinlar shaxsiy maqom to‘g‘risidagi qonun qoidalariga yoki islom fiqh maktablari qoidalariga rioya qilishni tanlashlari mumkin. Tuzatish, xususan, qizlarga 9 yoshdan, o‘g‘il bolalarga 15 yoshdan turmush qurishga ruxsat beruvchi ja’fariylar maktabi tamoyillariga asoslanadi, deya aniqlik kiritadi The National.

  • HRW’ning ta’kidlashicha, so‘nggi 20 yil ichida Iroqda erta turmush darajasi oshgan. Bunday nikohlar diniy yetakchilar tomonidan amalga oshiriladi va shaxsiy maqom to‘g‘risidagi qonunga muvofiq davlat organlarida ro‘yxatga olinmaydi.
  • BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) 2023-yilgi hisobotida Iroqdagi qizlarning 28 foizi 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqishi haqida yozgan. BMTning Iroqqa yordam ko‘rsatish missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga olinmagan nikohlarning 22 foizi 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar bilan bo‘lgan.