Ostonadagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan O‘zbekiston elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev 15-avgust kuni Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Uchrashuv chog‘ida vazir ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Qozog‘iston prezidentining farmoniga muvofiq, vazir “amalga oshirilgan ulkan ishlar va elchining ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun” Saidikrom Niyozxo‘jayevni oliy davlat mukofoti — II darajali “Dostiq” ordeni bilan taqdirladi.

1965-yilda tug‘ilgan Niyozxo‘jayev 2018-yilning mart oyida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi etib tayinlangandi. Bunga qadar u O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi va turli davlat organlarida mas’ul lavozimlarda, jumladan, davlat maslahatchisi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, 2015−2018-yillarda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat olib borgan.