2024−2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

Tanlov natijalarini 4 xil usulda bilish mumkin.

1. my.uzbmb.uz sayti orqali. Bunda saytga abituriyentning pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqami kiritiladi.

2. mandat.uzbmb.uz sayti orqali. Bunda saytga abituriyentning ID raqami kiritiladi.

3. SMS-xabarnoma xizmati orqali. 5100 raqamiga abituriyentning ID raqami yuborilganda, mazkur telefon raqamiga tanlov natijalari bo‘yicha xabarnoma yuboriladi (xizmat haqi mavjud).

4.Test natijalari qaydnomasi orqali. Shuningdek, test natijalari qaydnomasi oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda 737 ming 351 nafar abituriyent testga kirdi. Bu o‘tgan yilgiga (888 ming 472 nafar) qaraganda 151 mingga kam. Testga kirgan abituriyentlarning 345 ming 869 nafari (46,9 foiz) 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar soni 391 ming 482 nafarni (53,1 foiz) tashkil qiladi.