16-avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Ovoz” teleloyihasi uchun davlat budjetidan ajratilgan salkam 2 milliard so‘m haqida yana fikr bildirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Sizlar bitta narsani tushuninglar, “The voice”ning o‘zi bizga yetadi, bu bugungi kunda O‘zbekistonning imijiga xizmat qilyapti. Agar [ushbu loyihaga] 2 milliard so‘m [ajratilgani] jinoyat bo‘lsa, men bunga roziman. Butun dunyoda yagona musiqiy shou mana shu loyiha bo‘lib turibdi, u 76 ta davlatda namoyish etiladi. Agar loyihaga sarflangan 2 milliard so‘mni hadeb malomat qilaversalaringiz, shu pulni oxiri uyimni sotib bo‘lsa ham beraman”, — dedi u.

Vazirning ta’kidlashicha, loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida ham omma e’tiboriga tushgan, qatnashish istagini bildirayotganlar ko‘p.

“Shunday katta loyiha O‘zbekistonning imijiga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi? Kelinglar, shu bo‘yicha gaplashaylik. Shu loyihaning O‘zbekistonga kirib kelishi Markaziy Osiyodagi hammaning ko‘zini „poq“ etib ochib qo‘ydi-ku. Barchasi menga telefon qilib, „Biz qachon qatnashamiz?“ deb so‘rayapti. Shu kerak emasmi bizga yurtimizning imiji uchun? Bitta sportchi ham [musobaqaga] borib, shu ishni qilib kelyapti, mamlakatimiz imijini ko‘tarib qaytyapti. „Ovoz“ ham xuddi shunga o‘xshaydi: O‘zbekistonni yanada tanitishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi iste’dodlarni birdan xalqaro maydonda ko‘rsatib qo‘yyapti, ya’ni ular 76 ta davlatda ko‘rilyapti, shuncha davlatda e’tiborga tushyapti. Odamlar O‘zbekistonni dunyo xaritasidan qidira boshlayapti. Shu kerak menga, ya’ni loyiha ovoza bo‘lyapti”, — dedi u.

Ozodbek Nazarbekov loyihada Kuba va boshqa mamlakatlardan ham ishtirokchilar kelib ishtirok etayotganini qayd etdi. “Ishoninglar, bu loyiha iste’dodlarning yuzaga chiqishiga, respublikamizning imijiga xizmat qiladi. Bo‘ldi, boshqa hech narsa bermaydi. Agar shu ham bizga kerakmas desanglar, unda bilmadim”, — dedi hukumat vakili.

Shuningdek, tadbirda “Ovoz”da hakamlik qilgan Ozodbek Nazarbekovdan loyiha qay darajada shaffof o‘tgani, hakamlar o‘z qarindoshlarini yarim finalga chiqargani haqidagi gap-so‘zlarga munosabati so‘raldi.

“To‘g‘ri, [loyihada] manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ldi, deb ko‘pchilik yozdi, gapirdi. Agar sizlar loyihaning yarim final va final bosqichlarini ko‘rgan bo‘lsalaringiz, [g‘oliblarni aniqlashda] mutlaq tomoshabin ovoz berdi, biz hakamlar hech narsaga aralashganimiz yo‘q. Sizlar, avvalo, u shou loyihaning tartib-qoidalarini ko‘rib chiqinglar. Unda biz ustoz-hakamlar o‘zaro kurashamiz. Misol uchun, eng „slabiy“ qarindoshimni olib kelib, uni finalgacha ko‘tarishning menga nima keragi bor? Shuning uchun iltimos qilsangiz ham hech kim [qarindoshlarni] qo‘llab-quvvatlamaydi. Loyiha nizomini shunday qilib qo‘yganki, unda korrupsiya qilish, kimgadir yordam ko‘rsatish imkonsiz. U Gollandiyaning loyihasi, buni yetti o‘lchab, bir qilishgan. Faqat bir holatda masala bo‘lishi mumkin, ya’ni SMS orqali ovoz berishda eshikma-eshik yurib, menga ovoz bering, deyish mumkin. Shunda soxta raqamlar kelib chiqishi mumkin, ya’ni qaysidir ishtirokchi qaysidir yo‘l bilan ko‘proq ovoz olishi mumkin. U ham aholi qo‘llab-quvvatlashi bilan kechadigan jarayon. Bundan boshqa hech qanday imkoni yo‘q”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, 2024-yil 2-aprel kuni “Talent Show” MCHJ va Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, vazirlik “Ovoz” loyihasi tashkilotchilariga 6 oy davomida gonorar to‘laydi. Jumladan, teleloyihada qatnashuvchi 3 nafar ustoz uchun oyiga 38 mln so‘mdan jami 684 mln so‘m, 1 nafar badiiy rahbar uchun oyiga 57 mln so‘mda jami 342 mln so‘m, 1 nafar musiqa direktori uchun 38 mln so‘mdan, 228 mln so‘m hamda 6 nafar sozandaga 14,5 mln so‘mdan jami 522 mln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Madaniyat vaziri avval ham budjet taqchilligi sharoitida “Ovoz” teleloyihasi uchun salkam 2 mlrd so‘m, “Bobolarim” kino-klipiga esa 2,7 mlrd so‘m ajratilganiga munosabat bildirgandi. Uning aytishicha, boshqa sohalarni bo‘lgani kabi san’at va madaniyatni ham qo‘llab-quvvatlash kerak.

ovoz loyihasi, озодбyeк назарбyeков, the voice of uzbekistan, madaniyat vaziri

Videodan skrinshot

“Ovoz” musiqiy loyihasi Thye Voice loyihasining rasmiy franshizasi bo‘lib, O‘zbekiston shu teleloyihani namoyish etish huquqini olgan dunyodagi 76-mamlakatdir.

“Zo‘r TV” telekanalida namoyish etilgan musiqiy loyihaning birinchi mavsumida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Sevara Nazarxon va Tohir Sodiqov ishtirokchilarga hakamlik hamda ustozlik qildi.