Fransuz aktyori Alen Delon 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning farzandlari AFP`ga ma’lum qildi. O‘lim sabablari hozircha noma’lum.

“Alen Faben, Annushka, Entoni, shuningdek Lubo [uning iti] ulkan anduh bilan o‘z otasi ketgani haqida ma’lum qiladi. U Dushidagi o‘z uyida, o‘zining uch farzandi qurshovida qiynalmasdan abadiy uyquga ketdi”, — deyiladi xabarda.

2000-yilda Alen Delon Shveysariya fuqaroligini olgan va uzoq vaqt Jenevada yashagan. 2019-yilda u alsgeymer kasalligining rivojlanishiga turtki bo‘lgan insultni boshdan kechirgan. So‘ngra Delon Shveysariyaning L’Illustre nashriga evtanaziyaga qarshi emasligini aytgan. 2022-yilning mart oyida aktyorning o‘g‘li Entoni Delo bu qadamni qo‘yishga qaror qilganida otasiga hamrohlik qilishini ma’lum qilgan.

Alen Delon 1935-yil 8-noyabrda Parij chekkasida tug‘ilgan. 1957-yilda ilk bor unga “Ayol aralashganda” (Quand la femme s’en mêle) kartinasidan rol taklif etishgan va u shu tariqa aktyorga aylangan.

Delon ekrandagi debyutidan uch yil o‘tgach, “Rokko va uning birodarlar” (1960) kriminal dramasidagi bosh roli uchun xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan. U, shuningdek, 80 ga yaqin filmlarda, jumladan “Samuray”, “Borsalino”, “Ikki shaharcha”, “Zorro”, “Mese Klyayn”, “Oqqush sevgisi”, “Tehron-43” kabi filmlarda esda qolarli rollarni ijro etgan.

Uning faoliyati xalqaro kinofestivallarda ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan, jumladan fransuzlarning “Sezar” milliy kinomukofoti, Amerikaning “Oltin globusi”ni olgan.

2017-yilning may oyida Delon kino karerasini yakunlagan. “Men, xuddi ortiqcha jang o‘tkazishni istamaydigan bokschi kabi ortiqcha filmlarda suratga tushishni istamayman”, — deya izohlagan u.