18-avgustdan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlarning apellatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi.

Bilim va malakalarni baholash agentligining xabar qilishicha, arizani my.uzbmb.uz saytida (shaxsiy kabineti orqali) onlayn tarzda 27-avgustga qadar (10 kun davomida) berish mumkin.

Abituriyent apellatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.

Ariza bergan abituriyentga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Unda belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat va xabarnoma bilan agentlikka kelishi kerak.

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish 2024-yil 22-avgustdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, test natijalari 17-avgust kuni e’lon qilindi. Ularni 4 usulda bilish mumkin.

Ma’lumot uchun, 2024-yilda 737 ming 351 nafar abituriyent testga kirdi. Bu o‘tgan yilgiga (888 ming 472 nafar) qaraganda 151 mingga kam. Testga kirgan abituriyentlarning 345 ming 869 nafari (46,9 foiz) 56,7 ballni ham to‘play olmagan. 56,7 dan ko‘proq ball to‘plagan abituriyentlar soni 391 ming 482 nafarni (53,1 foiz) tashkil qiladi.