O‘zbekistonda iste’molchilarning ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzdorligi salkam 1 trln so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda 15-avgust kuni “O‘zsuvta’minot” AJda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda aytilishicha, aholi orasida to‘lov intizomini shakllantirish, ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida chora-tadbirlar va tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, qonun buzilishlari hamon kuzatilmoqda.

ichimlik suvi, oqova suv, uзsuvтаъминот, qarzdorlik

Foto: “O‘zsuvta’minot” axborot xizmati

“O‘zsuvta’minot” boshqarma boshlig‘i Sultonxo‘ja Dadaboyevning so‘zlariga ko‘ra, qarzdorlik salkam 1 trln so‘mni tashkil qilmoqda, shundan 715,2 mlrd so‘mi jismoniy shaxslar, salkam 250 mlrd so‘m esa yuridik iste’molchilarga to‘g‘ri kelmoqda. Aholining debitor qarzdorligi yil boshiga nisbatan 41,5 mlrd so‘mga qisqargan. “Jami iste’molchi aholi, ya’ni xonadonlar 5 millionta bo‘lsa, shundan 2 mln 408 mingtasi, ya’ni 50 foizga yaqin iste’molchida qarzdorlik mavjud”, — dedi u.

Dadaboyevning ta’kidlashicha, joriy yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha 22,4 ming nafar jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi uchun suv ta’minoti tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Mazkur holatlarning 12,4 mingtasi, ya’ni eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.

“Shu yilning yanvar-iyun oyida suv ta’minoti va oqova suv tizimlariga 7,7 mingta noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (1,4 mingta), Farg‘ona (1,3 mingta) va Sirdaryo (1,2 mingta) viloyatlarida kuzatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzarliklar tufayli aksiyadorlik jamiyati manfaatlariga jami 68 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Shundan bugungi kungacha 15 milliard so‘mi undirildi”, — dedi u.

Jamiyat vakilining ma’lum qilishicha, olti oy davomida suv ta’minoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha 117,6 ming nafar iste’molchidan jami 343 milliard so‘mlik mablag‘ni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga davo arizalari kiritilgan.

“O‘zsuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Shahboz Sarmanovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda ichimlik suvidan qarzdor iste’molchilarga kredit bermaslik tizimi ishlab chiqilmoqda.

“Bugungi kunda kredit tashkilotlari, ya’ni banklar bilan integratsiya jarayoni yo‘lga qo‘yilishi arafasida. Ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzi bor iste’molchiga qarzdorlik bartaraf etilmagunicha har qanday turdagi kreditni bermaslik taklifi ishlab chiqilmoqda. Agar iste’molchining nomida uy bo‘lmasa-da, lekin u ro‘yxatda turadigan xonadon suv ta’minoti tizimidan qarzdor bo‘lsa ham, kredit berilmaydi. Ayni paytda ushbu tartibni yo‘lga qo‘yish ustida ishlar olib borilyapti. Shuningdek, hozirda qarzdor iste’molchilardan qarzini undirish uchun gaz va elektr energiyasi tizimlari bilan bog‘lash varianti ham qaysidir darajada ko‘rib chiqilmoqda. Bu masalada chuqurroq tahlil qilinib, keyin aniq bir qarorga kelinadi”, — dedi Sarmanov.

Avvalroq O‘zbekistonda 2024-yilning aprel oyidan chiqindi xizmatidan qarzi borlarga ko‘chmas mulk va transport vositasi xarid qilishda bitim tasdiqlanmasligi haqida yozgandik.