“Nature” jurnalida yozilishicha, ayol tadqiqotchilarning salkam 40 foizi ilk bor ona bo‘lishi bilan yo ilmiy faoliyatini to‘liq to‘xtatadi, yo bo‘lmasa yarim kunlik ish tartibiga o‘tadi. Shuning o‘ziyoq ilm bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar gardanidagi mas’uliyat naqadar zalvorli ekanidan darak. Bu mas’uliyatni alohida e’tirof etish hamda olima xotin-qizlarni rag‘batlantirish uchun Ilm-fandagi xotin-qizlar kuni (11-fevral) kabi xalqaro sanalar ham ta’sis etilgan.

Ilm-fandagi ayollar haqida gap ketarkan, ishlari hanuz boshqa tadqiqotlar uchun asos bo‘layotgan olima — Mariya Sklodovskaya-Kyuriни eslamay bo‘lmaydi.

Qiyinchiliklarda tug‘ilgan va toblangan

Vladislav Sklodovskiy qizlari Mariya, Bronislava va Helena bilan. Foto: AFPVladislav Sklodovskiy qizlari Mariya, Bronislava va Helena bilan. Foto: AFP

Fransiyaliklar Mariya Sklodovskaya-Kyurini o‘z milliy qahramoni sifatida ulug‘laydi, ammo uning hikoyasi o‘sha vaqtlarda Rossiya mustamlakasi hisoblangan Polshadan boshlanadi. 1867-yilning kech kuzida Varshavadagi oddiy o‘qituvchi oilasida kun kelib dunyo va ilm-fan tarixida katta iz qoldirishi tasavvur ham qilinmagan beshinchi farzand — Mariya tug‘iladi.

Uning otasi Vladislav Sklodovskiy erkaklar gimnaziyasi rahbari, matematika va fizikadan dars berar, polyak tilidan tashqari ingliz, fransuz va nemis tillarini bilar, she’rlar yozib, ahyon-ahyonda tarjima bilan ham shug‘ullanardi. Onasi Bronislava Boguskaya esa Varshavadagi xotin-qizlar maktabini boshqarardi. Shunga qaramay, oila qiyinchilik bilan kun kechirardi.

Ijarada yashaydigan oila tinimsiz u xonadondan bu xonadonga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Tavakkalchilik bilan boshlangan bir ish ortidan oila boshlig‘i bor pulidan ayriladi. Bu orada katta opasi va onasi xastalikdan vafot etadi — onasiz qolganida Mariya hali 12 yoshga ham to‘lmagandi.

“Ilm-fan insoniyat hayotini osonlashtiradigan va uning azob-uqubatlarini kamaytiradigan har qanday taraqqiyotning asosidir”, degan edi Mariya Sklodovskaya-Kyuri. Shuning uchun ham u, hayotning turli zarbalariga qaramay, yaxshi o‘qishga harakat qilgan va oxir-oqibat mahalliy gimnaziyani oltin medal bilan tamomlaydi. Baxtga qarshi, oldinda uni navbatdagi qiyinchilik kutardi — bu vaqtda Polshada xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi taqiqlangan edi.

Ammo aynan shu to‘siq Mariyaning hayotini butkul o‘zgartiradi — u Fransiyaga borib o‘qishga qaror qiladi. Lekin boshqa mamlakatda yashash va o‘qishning o‘ziga yarasha xarajatlari bor, oilaning moddiy ahvoli esa — yuqorida ta’kidlanganidek. Shunda u o‘rtancha opasi Bronislava bilan kelishadi — opasi Parijda o‘qib qaytgunicha Mariya guvernantkalik (murabbiyalik) qilib pul topib, uni moddiy qo‘llab turadi, keyinroq esa Mariyaning Fransiyadagi o‘qishi uchun Bronislava ishlab beradi.

Parij — orzular ushaladigan shahar

Foto: JSTORFoto: JSTOR

Poyezdning eng arzon chiptasi bilan Fransiyaga yetib kelgan 24 yashar Mariyaning hayotida yangi sahifa ochiladi. U, bir vaqtlar o‘zi orzu qilganidek, Sorbonna universiteti tabiiy fanlar yo‘nalishiga 1825 talaba orasidagi 23 xotin-qizdan biri sifatida o‘qishga kiradi. Qizig‘i, o‘sha vaqtda Sorbonnada salkam 9 ming talaba tahsil olgan bo‘lsa, ularning atigi 210 nafarigina xotin-qizlar edi.

Maktabda imkon qadar yaxshi o‘qishga harakat qilganiga qaramay, matematika, fizika va fransuz tili borasidagi bilimlari oqsashini payqab, ular ustida ko‘proq va puxta shug‘ullanishga qaror qiladi. Shu maqsadda sharoitlari haminqadar bo‘lsa-da, kutubxonaga yaqinroq uyga ko‘chadi. Puli kam bo‘lsa-da, dars tayyorlashida hech kim xalal bermasligi uchun xonadosh ham olmaydi. O‘zidan pulni ayaydi; ovqat olishga pulini, taom tayyorlashga vaqtini qizg‘anib, bir safar ochlikdan hatto hushidan ketadi.

Ammo u hech nolimaydi, aksincha, o‘zi orzu qilgan sevimli ish bilan shug‘ullanayotganidan baxtiyor, o‘z ustida tinimsiz ishlardi. “Ko‘rgan va o‘rgangan hamma narsam meni baxtiyor etardi. Xuddi yangi bir dunyo, bilim dunyosiga qadam qo‘ygandim va bu dunyoni ortiq erkin kashf qilish imkoniyatiga ega edim”, deb yozgan Mariyaning o‘zi talabalik davrini eslab.

Ko‘p o‘tmay harakatlari samara bera boshlaydi: o‘qishni tugatar-tugatmas Fransiya milliy sanoatni rag‘batlantirish jamiyati, shuningdek, xorijda o‘qiydigan polshalik talabalar uchun tashkil etilgan Aleksandrovich jamg‘armasidan ilmiy yutuqlari uchun grant oladi.

Muhabbat laboratoriyasi

Mariya va Per. Foto: History HitMariya va Per. Foto: History Hit

Mariya o‘qishni tamomlagach, ota-onasi kabi Varshavada o‘qituvchilik qilmoqchi edi. Ammo uning rejalarini fizikadagi faoliyati bilan dong taratgan Per Kyuri — bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan uchrashuv o‘zgartirib yuboradi. Hammasi Per mudirligidagi sanoat fizikasi va kimyo maktabi laboratoriyasidan Mariyaga tajribalar uchun burchak ajratilishidan boshlanadi.

Ba’zi manbalarda Mariya malla sochlari va sarvqomatligi bilan Perning e’tiborini tortgani aytilsa-da, aslida ular bir-biriga intellektual jihatdan uyg‘un edi — yosh va istiqbolli polyak qizi zakiyligi bilan tajribali fransuz tadqiqotchisini o‘ziga rom etgan, nafaqat uning laboratoriyasidan, balki qalbidan ham joy egallagandi. Ammo Per Kyurining qizning qo‘lini so‘rash borasidagi birinchi urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi — Polshaga qaytish fikridan hali qaytmagan Mariya unga rad javobini beradi.

Ammo bu rad javobi Perni to‘xtatmaydi — u Mariyaga bo‘lgan tuyg‘ulari jiddiyligini isbotlash maqsadida u bilan birga Polshaga birga ketishga tayyorligini ham ma’lum qiladi. 1894-yil yozida Per uydagilari bilan ko‘rishish uchun Varshavaga ketgan sevgilisiga tinimsiz xat yozadi. oktabrda Parijga qaytgan Mariya nafaqat hamkasblikda, balki umr yo‘ldoshlikda ham Perdan yaxshiroq nomzod bo‘lmasligiga komil ishonch bilan unga turmushga chiqishga rozilik beradi. Ularning to‘yi 1895-yil yozida bo‘lib o‘tadi.

Farzand va kashfiyotlarning tug‘ilishi

To‘ydan keyin velosipedda sayohatga chiqqan Kyurilar. Foto: BritannicaTo‘ydan keyin velosipedda sayohatga chiqqan Kyurilar. Foto: Britannica

Ikki yil o‘tib ularning to‘ng‘ich qizi Iren dunyoga keladi. Ammo bu Mariyaning ilmiy faoliyati to‘xtashiga sabab bo‘la olmaydi — bunda unga eri Per va nafaqadagi qaynotasi katta yordam beradi. Taxminan shu vaqtda u ilmiy ishi uchun mavzu qidirib, Vilgelm Rentgen va Anri Bekkerelning tadqiqotlariga qiziqib qoladi va ishni o‘sha vaqtda ma’lum bo‘lgan kimyoviy elementlarning radioaktivligini o‘rganishdan boshlaydi.

1898-yilga kelib u nafaqat uran, balki toriy va uning boshqa birikmalari ham nur taratishini aniqlab, buni “radioaktivlik hodisasi” deb ataydi (qayd etish joiz, bugungi kunda saratonni aniqlash va davolashda radioaktiv nurlardan keng foydalaniladi). Keyinroq turmush o‘rtog‘i Per ham qo‘shilgan tadqiqot doirasida u nasturan (uraninit)dan ikki yangi element ajratib oladi. Ularning biriga radiy, ikkinchisiga esa Mariyaning vatani — Polsha sharafiga poloniy deb nom beriladi.

Qizig‘i, Mariya yangi elementlarni kashf etgani haqida Fransiya Fanlar akademiyasiga o‘z imzosi bilan maktub yuboradi, biroq u vaqtlarda doktoranturada o‘qiyotgan ayolning otasi yoki turmush o‘rtog‘ining imzosisiz u yuborgan xat inobatga olinmasdi — bu olima ayol o‘z hayoti davomida duch kelgan birinchi yo oxirgi jinsiy kamsitilish emasdi.

Er-xotin o‘z kashfiyotidan hech qanday manfaat ko‘zlamaydi. Aksincha, foydasi tegsin deya tadqiqot natijalari haqida omma oldida, hammaga gapirib beraverishadi. Ayni vaqtda, radioaktivlik hodisasi va yangi elementlarning kashf qilinishi ilm olamida olamshumul yangilik sifatida qabul qilinadi. Radioaktivlik barcha “dard"lar davosi sifatida ko‘rila boshlaydi, hatto shokolad, tish yuvish pastasi, choyshablargacha radiy qo‘shishga kirishib ketishadi, radioaktiv atir va sigaretalar ishlab chiqariladi. Doza me’yordan oshib ketsa, u salomatlikni ishdan chiqarishi ham mumkinligi 1920-yillarga kelibgina ma’lum bo‘ladi.

Nobel olgan ilk ayol

 Kyurilar va Anri Bekkerelning Nobel mukofoti diplomi. Foto: History Hit Kyurilar va Anri Bekkerelning Nobel mukofoti diplomi. Foto: History Hit

1903-yilda er-xotin Kyurilar o‘tgan yillardagi mashaqqatli mehnatlari natijasi, xususan, radiy va poloniy elementlarining ajratilishi tavsiflangan doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Ko‘p o‘tmay ularning xizmatlari yilning kimyo sohasidagi eng muhim kashfiyoti uchun London Qirollik jamiyatining Devi medali bilan taqdirlanadi. Yilning ikkinchi yarmida esa ular fizika yo‘nalishida Nobel mukofotiga loyiq ko‘riladi.

Ular mukofotni fizik Antuan Anri Bekkerel bilan bo‘lishadi, ammo laureatlarning dastlabki ro‘yxatida, mukofotga sabab bo‘lgan radioaktivlik hodisasini kashf etishda uning xizmatlari beqiyos bo‘lsa-da, Mariya Kyurining ismi bo‘lmaydi. Qayd etish joiz, bungacha ushbu yuksak mukofot bilan hali biror xotin-qiz taqdirlanmagan edi ham. Ammo Per Kyurining e’tirozidan so‘ng, mukofotlanuvchilar ro‘yxatiga Mariya ham qo‘shiladi. Shu tariqa u Nobel olgan ilk ayolga aylanadi.

Oradan sakkiz yil o‘tib, Mariya Kyuri “fanni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi — radiy va poloniy elementlarini kashf etgani, radiyni ajratib, shunday ajoyib elementning tabiati va birikmalarini o‘rgangani” uchun yana bir bor — bu safar kimyo yo‘nalishida — Nobel mukofoti bilan mukofotlanadi. U taqdirlash marosimida ushbu kashfiyotlarda marhum eri Perning o‘rni katta ekaniga alohida urg‘u beradi — Per Kyuri 1906-yili Parijda arava g‘ildiraklari ostida qolib, halok bo‘lgandi.

Ikki farzandi bilan beva qolgan (1904-yili Per va Mariyaning ikkinchi qizi — Yeva dunyoga kelgan edi) olima ancha vaqt tushkunlikka tushib qoladi, ammo bo‘lajak izlanishlari va qizlarining kelajagi uchun o‘zini qo‘lga olishga kuch topa biladi. Unga nafaqa taklif qilinganida: “Yoshim 38 da va o‘zimni o‘zim ta’minlay olaman”, deya qat’iy javob beradi. Erining vafotidan so‘ng Sorbonna universitetida uning o‘rnini egallagan Kyuri xonim Fransiyadagi ilk professor ayol sifatida ham tarixga kiradi.

Askarlar hayotini saqlab qolgan laboratoriyalar

Mariya Kyuri o‘zining mobil radiologik laboratoriyasida. Foto: Oxford Science Archive Mariya Kyuri o‘zining mobil radiologik laboratoriyasida. Foto: Oxford Science Archive

Hayot — boshqalarning mushkulini oson qilgisi keladigan insonlar borligi bilan ham go‘zal. Mariya Kyurining o‘ziga xosligi ham shunda — u ham inson, ham olima sifatida eng yaxshi xususiyatlarni o‘zida jamlagan edi. Uning Birinchi Jahon urushi davrida qo‘l qovushtirib o‘tirmagani, imkoniyati, sohasidan kelib chiqib Fransiya uchun qilgan xizmati, tashabbusi bunga yaqqol misol bo‘ladi.

U 1914-yil boshida Fransiya hukumatiga mobil radiologik laboratoriyalarni tashkil etish, texnik xodim va shifokorlarni o‘qitish bo‘yicha to‘liq reja beradi. Taklifi ma’qullangach, bor vaqti va mablag‘ini harbiy dala tibbiyotini rivojlantirishga sarflaydi, xodimlarni shaxsan o‘zi o‘qitadi. Shu tariqa harbiylarni rentgenologik tekshirish imkoni paydo bo‘ladi, xuddi shu tariqa ko‘plab fransuz askarlarining hayoti saqlab qolinadi.

Urushdan keyin u o‘z faoliyatini Radiy institutida davom ettiradi. Mariya Kyurining taklifi bilan mazkur institut saratonga qarshi kurashishga ixtisoslashtiriladi. Homiylik qo‘llovi bilan ushbu muassasa radioaktivlikni o‘rganish bo‘yicha dunyodagi eng yirik laboratoriyalardan biriga aylanadi. Oddiy bir misol: institut tadqiqotchilari 1919-yildan 1934-yilga qadar Mariya Kyuri boshchiligida 483 ta ilmiy ish e’lon qilgan.

Xotima

Kyurilar qizi Iren bilan. Foto: AFPKyurilar qizi Iren bilan. Foto: AFP

Radioaktiv modda va nurlar bilan me’yordan ortiq ishlash Kyurilarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan — ularning Mariya ham, uning eri Per ham o‘limiga qadar surunkali charchoq va salomatlik bilan bog‘liq muammolardan muttasil azoblangan. Hayotlik chog‘ida Per oyoqlari qaltiraydigan, ba’zan tik turishga-da holi kelmaydigan bo‘lib qolgandi. Mariyaning barmoqlari esa yara-chaqa bo‘lib, chandiq bilan qoplangan, mukkasiga ketib ishlaganidan vazn yo‘qotib, anemiyadan aziyat chekardi. Buyraklar va katarakta bilan bog‘liq muammolar ham bor edi.

Oxir-oqibat, saraton va boshqa og‘ir kasalliklarni radiokativ nurlar bilan davolashga sababchi bo‘lgan Mariya Kyurining o‘zi 1934-yilda, 66 yoshida, radiatsiyadan uzoq vaqt nurlanish asorati o‘laroq paydo bo‘lgan qon kasalligidan vafot etadi. Olimaning nurlanganlik darajasini tasavvur qilish uchun shu faktni keltirishning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak: 1960-yili Kyurilar arxivini Fransiya Milliy kutubxonasiga o‘tkazmoqchi bo‘lishganida, arxivdagi kundalik, kitob va qo‘lyozmalarning aksariyati hali ham inson uchun o‘ta xavfli bo‘lgan radioaktivlikka egaligi ma’lum bo‘ladi.

Mariya Kyuri o‘zidan asrlarga tatigulik ilmiy meros, jamiyat va fanga beqiyos hissa qo‘shgan farzandlar qoldiradi. Xususan, qizi Iren ham ota-onasining izidan borib, kimyo yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibasiga aylanadi. Jurnalist, musiqachi va jamoat arbobi bo‘lib yetishgan Yeva esa Kyurilar oilasining Nobel olmagan yagona vakilidir.

Mariya Kyurining faoliyati haqida gap ochilganda, ko‘pincha uning omadli bo‘lgani, Nobel mukofotini olish hammaga ham nasib qilavermasligi aytiladi. Ammo uning hayot yo‘liga nazar tashlansa, bu shunchaki omad emas, balki tinimsiz mehnat, ilmga bag‘ishlangan umr, sog‘lik bilan to‘langan badal evaziga berilgan mukofot ekanligini ko‘rish mumkin. Uning irodasi, tirishqoqligi va qiyinchiliklarga ilm orqali yechim topa olganidan nafaqat ayollar, balki umuman barcha-barcha o‘rnak olsa arziydi.