Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — ssenariynavis, rejissyor va yozuvchi Madina Mo‘minova. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, so‘nggi uch yil davomida uning bolalar uchun mo‘ljallangan “Plastikakl kim?”, “Doktor Chixaxl va uning mudhish siri” va “Anubis Maymunus va hayvonlarning arvohlari” kitoblari nashrdan chiqdi.

Mutolaa va kitoblar haqida

Kitoblar oilamiz hayotida doim muhim o‘rin tutgan. Buvamning katta kutubxonalari bo‘lar, ular kitob yig‘ardilar. Taniqli rus yozuvchisi Aleksey Tolstoy bilan do‘st edilar, hatto kutubxonalarida yozuvchi tomonidan “Moyemu dorogomu uzbekskomu drugu, Raximchiku” (“Mening qadrli o‘zbek do‘stim Rahimjonga”) deb dastxat qo‘yilgan bir qancha asarlari ham bor edi.

Keyinchalik ota-onam kutubxonani boyitishda davom etishdi. Maxsus abonementlar orqali kitoblarni sotib olganimiz, tug‘ilgan kunlarga kitob sovg‘a qilganlarimiz yodimda. Xonadonimizga kirib kelgan har bir yangi kitob turkumi hayotimizdagi muhim hodisaga aylanardi.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Onam barcha safarlaridan bolalarga mo‘ljallangan rangin kitoblar olib kelardilar. Janni Rodarining “Chippolino"si, Yuriy Oleshaning “Uch baqaloq”, Laymen Baumning “Oz mamlakati sehrgari”, Lyuis Kerrollning “Alisa mo‘'jizalar mamlakatida” kitoblari, jahon xalqlari ertaklari va tasavvurimni shakllantirgan boshqa ko‘plab sehrli kitoblarim borligidan baxtiyor edim.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Ko‘pchilik oilalarda bo‘lgani kabi, bizning uyimizda ham uyqudan oldin kitob mutolaa qilish an’anaga aylangandi. Meni buni bolalarning didini shakllantirish va kitobga muhabbatini uyg‘otishning eng maqbul usuli, deb hisoblayman. Kitoblar ongimiz uchun qurilish materialidek gap. Farzandlarim ulg‘ayarkan, ular so‘ragan kitoblarni yoki maktab dasturi bo‘yicha berilgan asarlarni o‘zlari bilan birga mutolaa qilib bordim. Bundayin mashg‘ulot ota-ona va farzandni bir-biriga juda yaqinlashtiradi. Men barcha ota-onalarga bolalariga nimalar qiziqligini yaxshilab bilib olishni, buning uchun ularga qiziq bo‘lgan asarlarni birga o‘qishni tavsiya etgan bo‘lardim.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Boshlang‘ich sinfdaligimdayoq kutubxonamizdagi barcha kitoblarning nomini muqovasiga qarab yodlab olgandim. Ulg‘ayganim sayin nomi eng qiziq ko‘ringan kitoblarni bir chekkadan o‘qiy boshladim. Jek Londonning o‘qimishli bo‘lishni istagani bois o‘qishni o‘rganishi bilanoq tavakkaliga kitob tanlab, birdaniga bir qancha kitoblarni mutolaa qilishga kirishgan Martin Ideniga o‘xshardim o‘sha paytlari.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Rus maktabida o‘qiganman, maktab dasturi rus va sovet adabiyoti klassikasini, masalan, qalin jildlik “Urush va tinchlik” asarini o‘z ichiga olgandi. Lekin, tan olish kerak, ko‘pchilik tengdoshlarim kabi men ham Tinchlik haqidagi boblarni o‘qib, Urush haqidagilarini tashlab ketardim. Dostoyevskiy, Gogol asarlari va boshqa ko‘plab kitoblarni mazza qilish uchun emas, majbur bo‘lganim uchun o‘qirdim. Aleksandr Fadeyevning kitoblarini, ayniqsa quruq sovet mafkurasidan iborat bo‘lgan “Qora metallurgiya” asarini juda yomon ko‘rardim. Bulgakov, Bunin, Chexov, Zoshchenko kabi buyuk mualliflarni yaxshi ko‘rardim, ularning asarlarini hozir ham qayta-qayta mutolaa qilaman.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Aleksandr Dyuma bilan tanishuvim ayollar obrazlari orqali boshlangan, bular: “Monsoro xonim”, “Qirolicha Margo”, “Ikki Diana”. Keyin Gyustav Floberning “Bovari xonim”, kichik Dyumaning “Kameliyali xonim”, Sharlotta Brontening “Djeyn Eyr”, Fransuaza Saganning kichik romanlari va Andre Moruaning “Notanish ayolga maktublar” asari, hikoyalari to‘plamlari va o‘smir qizga mos bo‘lgan boshqa romantik hikoyalarga navbat yetdi.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Keyin esa fransuz mualliflarining ko‘p sonli romanlari o‘rnini Agata Kristi, Jeyms Cheyzlarning ingliz detektivlari egalladi. Ularning o‘rniga esa Amerika dramalari, keyin jahon fantastikasi, so‘ngra faylasuflar, psixologlar va teologlarning asarlari keldi. Aytgancha, o‘sha paytlar “Inostrannaya literatura” (“Xorij adabiyoti”) jurnali ommalashgan, uni oddiy qilib “Inostranka” deb atashardi. Ota-onamning barcha tanishlari jurnalning biror sonini qoldirmay o‘qishardi, chunki SSSRda hali bosib chiqarilmagan asarlarning ko‘pi shu jurnalda e’lon qilinardi. Aynan “Inostranka” bois Ken Kizining “Kakku uyasi uzra parvoz” asarini o‘qishga muvaffaq bo‘lgaman va juda ta’sirlanganman.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Nimani o‘qishni, bu o‘qiganlarimizni qanday qabul qilishni maktabda bittalab aytishgani bois, o‘zim mustaqil kitob tanlar ekanman, qiziqishlarim o‘zgarishiga qarab mualliflar o‘rtasida sarson bo‘ldim. Yoshligimda Paolo Koelo va Richard Baxning falsafiy asarlari urfda edi. Laroshfuko va Senekani, Nitsshe va Kastanedani o‘qirdik. O‘sha paytlardagi sevimli kitobim “Ilohlar oqshomi” (“Sumerki bogov”) asari bo‘lgan. Daniil Xarms asarlari va Sergey Dovlatovning hikoyalarini yoqtirardim.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Tarixga qiziqar va “Dinlar tarixi"ni qo‘limdan qo‘ymasdan o‘qirdim. Murod Ajining “Turklar tarixi” asarini yaxshi ko‘raman. Stiven Starrning “Yo‘qotilgan ma’rifat” kitobini chuqur izlanishlar natijasida yartilgan tadqiqot ishi deb bilaman.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Maktab davrida o‘zbek klassikasidan Alisher Navoiyning “Xamsa"sinigina bilardim. Jurnalistika fakultetida o‘qib turib, 3-kursda o‘zbek guruhiga o‘tgan paytim o‘zbek klassikasining boshqa asarlari hayotimga kirib keldi. O‘shanda Qodiriy va Cho‘lpon, Fitrat va Qahhor, Timur Po‘latov, Temur Malik asarlari bilan tanishdim. Abdulla Oripov va Erkin Vohidov she’riyatini hanuz yoqtiraman.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Bolaligimdan farqli o‘laroq, bugun o‘qiydigan kitoblarimni sinchkovlik bilan tanlayman. Asarini hissiyotlar va tuyg‘ulardan yelkaga tashlab oladigan mayin pelerina to‘qiyotgandek qilib yozadigan fransuz romannavisi Erik Emmanuel Shmitt yoqadi menga. Uning barcha kitoblarini o‘qib chiqqanman va kutubxonamda saqlayman. Ayniqsa bolalarga atalgan turkumi — “Oskar va Pushti xonim”, “Nuh bolalari”, “Janob Ibrohim va Qur’on gullari"ni xush ko‘raman. Lyudmila Ulitskaya, Narine Abgaryanlarning samimiy va ta’sirchan asarlarini yaxshi ko‘raman. Kelib chiqishi ozarbayjonlik bo‘lgan nemis yozuvchisi — Qurbon Said kitoblarini yoqtiraman. U yozgan “Ali va Nino” qahramonlari bois Batumida turli millat va dinga mansub sevishganlarning muhabbatiga atab haykal o‘rnatilgan. Bir kitob boshqa yangi san’at asarlarini yaratishga ilhomlantirishi hayajonli holat, shunday emasmi?

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Doim yozuvchi bo‘lishni istaganman. Uzoq yillar bu qo‘l yetmas orzuligicha qoldi, zero “yozuvchi” degan so‘zning o‘zi men uchun muqaddas gapdek edi. 2019-yil oxirida, pandemiya boshlanib, hayot va mamot masalasi har bir odam uchun ko‘ndalang kelganida men bilim olishga sho‘ng‘idim. Qisqa vaqt ichida yozuvchilik mahorati, ssenariynavislikdan 8 ta onlayn kursda o‘qidim, o‘z ishining mohir ustalaridan talaygina ma’ruzalarni tingladim. To‘g‘ri, bundan oldin kinoga ssenariy ham yozgandim, hikoyalarim ham bor edi, lekin kasbga nisbatan fundamental yondashuv tamoyillarida tarbiyalangan inson sifatida avvalgi ko‘nikmalarim va yangi bilimlarimni miyamda joy-joyiga qo‘yib olish men uchun muhim edi.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Shu vaqt ichida ko‘plab adabiyotlarni o‘qib chiqdim, yanada yaxshiroq yozish va o‘qishni o‘rgandim. Kundalik tashvishlar bilan hech vaqt yetmay, keyinga qoldirilgan ko‘plab kitoblarimni yana qo‘lga oldim. Yoshligimda kitoblarini sevib mutolaa qilgan mualliflar — Vladimir Nabokov, Rey Bredberi, Gabriel Garsia Markes, Erix Mariya Remarkka qaytdim va ularni o‘zim uchun qaytadan kashf qildim. Stiven King men uchun yangilikka aylandi. Uning yozuvchilikka bag‘ishlangan kitobi bu mashhur dahshatlar qiroli haqidagi tasavvurimni umuman o‘zgartirib yubordi. Stiven King ushbu kitobning birinchi qismida o‘z hayoti haqida hikoya qilgan bo‘lsa, ikkinchi qismida o‘zining tengsiz, qiyosi yo‘q yozuvchilik tajribasi bilan bo‘lishgan.

kitob, kitoblar, kitobxonlik, madina mo‘minova, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Bolalar uchun kitoblar yoza boshlaganim tufayli bolalar haqidagi va bolalarga atalgan adabiyotlarni ham ko‘p o‘qiydigan bo‘ldim. Ular orasidan yoqtirganlarim — Nil Geymanning “Koralina"si, Joan Roulingning “Garri Potter” haqidagi turkumi, Uilyam Goldingning “Pashshalar hukmdori”, Lenor Goralik asarlari, G‘afur G‘ulomning “Shum bola"si va yana boshqa ko‘plab ajoyib kitoblar.

Onam doim: “Nimagadir qiziqqan payting, senga zarur kitoblarning o‘zi birdaniga oldingga keladi”, derdilar. Chindan ham shunday. Odamlar mutolaa va kitoblarga qiziqish bildirar ekan, insoniyatning bundan-da yaxshi kelajakka umidi aslo so‘nmaydi.