Toshkent davlat sirkining funksiyalarini butunlay o‘zgartirib, uni xususiy boshqaruvga berish kerak. Bu haqda 16-avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan Toshkent sirkining binosi achinarli ahvolga kelib qolgani va sikr jamoasining repertuarida deyarli yangilik yo‘qligi, har doim bir xil tomoshalar qo‘yilishi haqida tanqidiy fikrlar bildirilib, bu borada qanday rejalar borligi so‘raldi.

Ozodbek Nazarbekovning qayd etishicha, davlat uchun sirkdagi bitta hayvonni boqish bir insonni boqishdan qimmatga tushmoqda.

“Toshkent sirki bitta muassasa bo‘lgani bilan, u katta tashkilot va katta jamoa faoliyat yuritadi, masalasi ham juda ko‘p. U yerda hozir bitta hayvonni boqish bir insonni boqishdan qimmatga tushadi davlatga. Chunki sirkda noyob hayvonlar bor, ularga vaqtida qarab turish kerak, vaksinasini qilish kerak. Sirk har kuni faoliyat yuritsa ham, kuniga 5−10 ta seans qo‘ysa ham, topgan puli bilan shuncha hayvonlari va xodimlarini boqib tura olmaydi, puli bunga yetmaydi. Sirk saqlab turish juda qimmat turadigan faoliyat turi hisoblanadi”, — dedi vazir.

озодбек назарбеков, sirk, тошкент davlat sirki

Foto: AOKA

Uning so‘zlariga ko‘ra, sirk xususiylashtirilsa, keyin rivojlanish bo‘ladi.

“Bugungi kunda dunyoda sirklarning holati nima bo‘lyapti, degan savol ham bor. G‘arb va xalqaro tashkilotlar vahshiy hayvonlarni sirkda o‘ynatishga taqiq qo‘yyapti. Bizning bir qarorga kela olmayotganimizning sababi shundaki, Toshkent davlat sirkining ishlash uslubi faqat hayvonlar bilan bog‘liq, juda kam miqdorda gimnastika, akrobatika tomoshalari qo‘yiladi. Shuning uchun biz bir necha yildan beri bu masalaning yechimini topish bilan shug‘ullanyapmiz. Shaxsan mening fikrimcha, sirk binosini rekonstruksiya qilib, to‘liq ta’mirlab va vahshiy hayvonlardan asta-sekin chiqib ketishga javob beradigan bir mexanizmni ishlab chiqish kerak. Kelgusida uning funksiyalarini mutlaq o‘zgartirib, bugungi sirk qanday bo‘lsa, ana shu holatga olib kelib, xususiy boshqaruvga berish kerak. Sirk davlatga qarashli bo‘lib tursa, turaveradi, sirkning birini ikki qilish juda qiyin. Hozir aytayotganlarim — men uch, to‘rt yildan beri kurashayotgan masalalar. Buning yechimi shu, boshqa yo‘li yo‘q”, — dedi hukumat vakili.

“O‘zbekistonda madaniyat sohasida hali xususiylashtirish boshlanmagan. Butun dunyoni, rivojlangan davlatlarni bir ko‘ringlar, ko‘p mamlakatlarda madaniy ishlarni xususiy sektor amalga oshiryapti. Natijada rivojlanyapti, shu bilan birga raqobat ham bo‘lyapti”, — deya qo‘shimcha qildi Nazarbekov.

Madaniyat vaziri Toshkent davlat sirki binosini ta’mirlash ishlari nega cho‘zilayotgani haqida ham gapirdi.

“Bizga ko‘p takliflar bo‘lyapti, loyihalar ishlab chiqilyapti va qayerigadir kelganda, ishlamaydigan nuqtasi chiqib qolyapti va natijada u loyihadan voz kechilyapti. Keyin boshqa bir loyiha ustida ishlanyapti. Hozir dunyoda sirkning funksiyalari o‘zgaryapti. Sirkning 20 yil oldingi funksiyasi bilan bugungi funksiyasi butunlay farq qiladi. Agar biz hozir sirk binosini ta’mirlasak, 20 yil avvalgi mezon bilan ta’mirlaymiz. Shunday qiladigan bo‘lsak, bir necha yildan keyin bunday faoliyat yuritmanglar, hayvonlarni sirkdan chiqarib yuboringlar, degan talab kelib tushadi. Besh yildan keyin sirkda hayvonlar umuman bo‘lmasin deyilgan taqdirda ham, hayvonlarsiz bemalol faoliyat yuritadigan sirk bo‘lishi kerak. Uning analogi hali sizda ham, menda ham yo‘q, hech kimda yo‘q. Bu masalada yetti o‘lchab, bir kesishimiz kerak. Chunki hozir sirk binosining ta’miri uchun juda katta miqdorda mablag‘ sarflasak, besh yildan keyin bunday sirk ishlamaydi, faoliyatini to‘xtatinglar, deyishadi, shuncha pul sarflaganimiz qoladi, xolos. Shoshilmayotganimizning sababi faqat shu, aniq bir qarorga kelguncha shoshilmayapmiz”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil boshida O‘zbekiston prezidentiga Toshkent davlat sirki bo‘yicha loyiha taqdim qilingan va sirk binosini rekonstruksiya qilish, shuningdek, ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida 300 o‘rinli o‘quv binosini qurish (qiymati 15 milliard so‘m) rejalari muhokama etilgan.

2019−2020-yillarda Toshkent sirkida kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgandi. O‘shanda rekonstruksiya budjeti 46,63 milliard so‘mga baholangan.