17-avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda bosh vazir matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Kobul shahrida Afg‘oniston bosh vaziri v.b. Abdul G‘ani Barodar, uning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Kabir va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazish

Unda davlatlar o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangani, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.

Uchrashuvlarda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlararo munosabatlarlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, o‘zaro savdo aylanmasini 2024-yilda 1 mlrd dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Bunda ikki tomonlama investitsiyalarni himoya qilish hamda imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta turtki berishi ma’lum qilindi.

Afg‘onistonlik tadbirkorlarning O‘zbekistonda faol ishlashi bo‘yicha kelishuv

Abdulla Aripov hamda Abdul G‘ani Barodar afg‘onistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lum qilinishicha, 1-oktabrdan ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo kelishuvi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan 14 xil mahsulotga import bojlari bekor qilinadi va eksportyorlar uchun qulaylik yaratiladi.

Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yanada oshirish maqsadida fitosanitar ruxsatnoma berish tartibi yengillashtirildi, deyiladi xabarda.

1-avgustdan Ayritom-Xayraton chegara posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan. Xalqaro Termiz savdo markaziga tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilinadi va barcha soliqlardan ozod etiladi.

Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi uchun ikki davlat o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Kobul shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes forumi hamda Made in Uzbekistan ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimida ham ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan korxonalarning tekstil, charm-poyabzal mahsulotlari, gilamlar, meva-sabzavotlar, elektrotexnika va kabel mahsulotlari, avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi, metallurgiya, neft-kimyo va boshqa ko‘plab turdagi tayyor mahsulotlari namoyish etilmoqda.

17-avgust kuni ish boshlagan Made in Uzbekistan ko‘rgazmasi 21-avgustga qadar davom etadi.

Mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Ular muloqotda Afg‘onistondagi savdo, tranzit, investitsiyalarni rivojlantirish, suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik va boshqa masalalarga to‘xtalgan.