“Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil oktabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligi keng nishonlanadi. Tadbirni yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Jumladan, Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjimasi va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2024-yil oktabr oyida Toshkent shahrida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Uning doirasida Termizda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

2024-yil sentabr-oktabr oylarida Termiz davlat universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma'naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Termizda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etilgandi. Ta’lim muassasasida o‘qish 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Bu bilan mamlakatdagi oliy diniy ta’lim muassasalari soni 4 taga yetdi (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi).