Sirdaryo viloyatidagi xususiy bog‘chalardan birida 2 yoshli bola vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 7-avgust kuni soat 11:10 atrofida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Yo‘ldoshobod” MFYda joylashgan YATT oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi 2022-yilda tug‘ilgan I.S. to‘satdan vafot etgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, I.S.ning o‘limiga nafas yo‘llarining ovqat massasi bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv boshlangan.