Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va davlat rahbarining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenovga yuklatildi.

Maqsad hudud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni Kegeyli tumanida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident o‘z nutqida iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlarni ta’kidladi. Shu bilan birga, aholi ehtiyojlarini qondirish, turmushini yaxshilash, inson qadr-qimmatini yuksaltirish borasida respublika rahbariyatining tashabbuskorligi yo‘qligi, tuman hokimlarining mas’uliyatsizligi, amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emasligini ta’kidladi.

саида мирзиёеva, шавкат мирзиёев, турсинхан худайбергенов, қорақалпоғистон

Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘qligi hisobga olinsa, shahar-tuman hokimlari bu imkoniyatlarni loyiha va ish o‘rniga aylantira olganda, ko‘rsatkichlar 5−10 karra yuqori bo‘lardi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu sababli yarim yil yakunlari bo‘yicha Qorao‘zak va Taxiatosh hokimlari ishdan olingan. Amudaryo, Beruniy, Bo‘zatov, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Chimboy tuman hokimlariga intizomiy jazo qo‘llangan, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xizmat ko‘rsatish va turizm, qurilish, savdo, hordiq chiqarish va boshqa sohalardagi salohiyatga to‘xtalib o‘tdi.

Prezident Qoraqalpog‘istonning tuman va shaharlari hokimlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi. Bunda, tuman va shahar hokimlari har oyda o‘ziga biriktirilgan bittadan viloyatga boradi, ulardagi yaxshi tajribalarni o‘rganadi va tumanida joriy qiladi.

Haftada bir kunni to‘liq tadbirkor va investorlarga ajratib, muammosiga yechim topadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston hududlari bilan boshqa viloyatlardagi tumanlar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha har yili investitsiya forumi o‘tkaziladi.

sentabr oyida Qoraqalpog‘istonda yirik investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tadi. Prezident bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi imkoniyatlardan foydalanib, yil oxiriga qadar respublikada kambag‘allik darajasini hozirgi 13,6 foizdan 8,5 foizgacha kamaytirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, seshanba kuni Nukusda prezidentning tadbirkorlar bilan yillik muloqoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda barcha hududlardan 300 ga yaqin tadbirkor va investor, shuningdek, xorijda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan 40 dan ortiq o‘zbekistonlik ishtirok etadi. Muloqotga 1000 dan ortiq biznes vakillari hududiy studiyalardan qo‘shiladi.

Shavkat Mirziyoyev har bir tuman uchun “Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik” dasturini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, kamida 10 milliard dollar sarmoya kiritish, 500 ming ish o‘rni yaratish uchun yangi manbaga aylanishi kerak.